Jahon | 00:22 / 13.09.2018
9393
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda “Florens” dovulidan ko‘riladigan zarar 27 mlrd dollarni tashkil qilishi mumkin –  Bloomberg

Prognozlarga ko‘ra, 1-2 kun ichida AQShning sharqiy sohillariga yopiriladigan “Florens” dovulidan ko‘riladigan zarar kamida 27 mlrd dollarni tashkil qilishi mumkin. Bunday bahoni Bloomberg axborot agentligi keltirib o‘tdi.

Shu sababli “Florens” AQShning zamonaviy tarixidagi eng vayronkor dovullar o‘ntaligiga kirishi mumkin. Agentlikning ta'kidlashicha, AQSh hukumati 2005 yilda Luiziana shtatiga yopirilgan “Katrina” dovulidan vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklashga eng ko‘p pul sarflagan. Dovul o‘shanda 160 mlrd dollarlik ziyon yetkazgan. 

Atlantika okeanida vujudga kelgan “Florens” dovuli kuchi oxirgidan bitta oldingi 4-darajagacha yetgan. Ayni vaqtda u Janubiy Karolina shtatidan 800 kmcha uzoqlikda joylashgan. Dovuldagi shamol tezligi 60 m/soniyani tashkil qilmoqda. U AQSh sohillariga 14 sentabrda yetib kelishi kutilmoqda.

Virjiniya, Shimoliy Karolina, Janubiy Karolina, Merilend shtatlari va poytaxt Vashingtonda dovul kelishi sababli favqulodda vaziyat tartibi kiritilgan. Shimoliy va Janubiy Karolinada sohilbo‘yida yashovchi 1,5 mlndan ko‘proq odam evakuatsiyasi e'lon qilingan. Ob-havo mutaxassislarining ogohlantirishicha, dovul falokatli toshqinlarga olib kelishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid