Lukashenko paxtani qayta ishlash masalasida Sobiq ittifoq davridagi amaliyotga qaytishni taklif qildi
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi kelgusida 1 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. «Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, bu haqda Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Belarus prezidentlarining keng doiradagi muzokaralari davomida aytib o‘tilgan.
«Iqtisodiyot bugungi aloqalarimizning poydevori. Bugun O‘zbekiston dunyo uchun ochilmoqda, barcha bu imkoniyatlardan foydalanib, aloqalarni rivojlantirish kerak. Ayniqsa, iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bizning asosiy maqsadimiz», degan Belarus prezidenti.
O‘zbekiston prezidenti esa 2017 yil yakunlariga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli ravishda o‘sganini qayd etgan.
«Belarus - bizning yaqin do‘stimiz va umidli hamkorimizdir. Keyingi ikki yilda barcha sohadagi aloqalar kutilganidan ham ko‘proq o‘sdi. Lekin mahsulot ayirboshlashdagi hozirgi holat bizning mavjud imkoniyatlarimiz darajasidan past. Yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga ko‘tarishimiz uchun barcha imkoniyatlar bor», degan O‘zbekiston prezidenti.
Belarus prezidenti O‘zbekistonga mamlakatdagi belarus diasporasiga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi uchun minnatdorchilik bildirgan. O‘zbekistonda ayni vaqtda 19 mingga yaqin belarus istiqomat qilmoqda.
«Siz bu yerda yashayotgan belaruslarni va ularning madaniyatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqdasiz. Ishonamanki, ular bu yerda hech qanday muammoga duch kelishmaydi.
Men Belarusga va belaruslarga bo‘lgan munosabat uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bizning xalqlarimiz mehnatsevarligi bilan bir-biriga juda o‘xshash. Agar biz ham ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni o‘zbeklar kabi savdo qilishni o‘rganganimizda, hozirgidan ikki barobar boyroq bo‘lar edik. O‘ylaymanki, sizlar bizga o‘z tajribangizni o‘rgatasiz.
O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish zarur. O‘zbekiston taqdim etayotgan sharoitlardan foydalanib qolish kerak. Biz sizning hududingizda qo‘shma korxonalar tashkil etishga tayyormiz. Biz bu yerda paxta yetishtirib, Belarusda qayta ishlashimiz va mahsulotlarni paxta yetishtirilmaydigan hududlarda sotishimiz mumkin. Bizda texnologiya, mutaxassislar va o‘z maktabimiz bor. Xomashyo bering, kelishamiz. Buni birgalikda amalga oshiramiz. Men bizning korxonalarga kapital kiritishingizga qarshi bo‘lmayman. Bu sizning ham korxonangiz bo‘ladi. Eng yaxshi to‘qimachilik mahsulotlarimizni Yevropa bozorlarida sotamiz. Sobiq Ittifoq davrida O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta xomashyosi Belarusda qayta ishlanardi. Bu amaliyotga qaytish kerak. Biz tayyormiz.
24 yillik tanaffusdan so‘ng ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqich boshlanmoqda», deya Belarus prezidenti so‘zlarini keltirgan BelTA agentligi.
Shavkat Mirziyoyev esa Belarus prezidenti tashrifini «tarixiy va natijador» tashrif deya baholagan.
Ma'lum qilinishicha, 12 sentabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston-Belarus mintaqalararo biznes-forumida qariyb 230 million dollarlik shartnomalar imzolangan, shundan 167 million dollarlik qismi eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, 2017 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshgan, 2018 yilning 6 oyida esa bu ko‘rsatkich 4 baravar o‘sgan.
12 sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident kelgusida O‘zbekistondagi paxta yetishtiruvchi 133ta tumandan 70tasi to‘liq klaster tizimiga o‘tishi, klasterlar tomonidan 41ta korxona tashkil etilishini ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
20:49 / 11.11.2024
Belarus rasman BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini oldi
22:17 / 07.11.2024
Lukashenko yana 31 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
14:30 / 05.11.2024
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
13:10 / 24.10.2024