Non — rizq-ro‘zimiz. Xalqimiz dasturxonidagi asosiy ne'mat ham non va non mahsulotlari hisoblanadi. Ana shular e'tiboridan, uzoq yillardan buyon mamlakatimizda g‘alla mustaqilligiga erishish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlari ko‘zlangan qator chora-tadbirlar qo‘llanib kelinmoqda.

Ayni paytda sobiq ittifoq  davlatlari ichida non va unga eng arzon narx aynan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Lekin bundan g‘alla yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklari hamda un ishlab chiqaruvchi va non yopuvchi korxonalar ham manfaatdormi? Aslo! Ular ulkan ziyon bilan ishlashmoqda.

2017 yilda fermerlardan g‘allaning tonnasi 550 ming so‘mga xarid qilingan, holbuki bozorda g‘allaning bir tonnasi 1 mln 600 – 1 mln 800 ming so‘mga sotilgan.

2014 yildan buyon qolipli nonga bo‘lgan narxning bir maromda saqlab kelinayotgani oqibatida «O‘zdonmahsulot» AK tasarrufidagi korxonalarning zarari 489 milliard so‘mni tashkil etgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, unga belgilangan ulgurji narx (1120 so‘m/kg) va qolipli nonga chakana narx (650 so‘m/dona) saqlanib qolinadigan bo‘lsa «O‘zdonmahsulot» AK korxonalarining zarari 2018 yakunlariga ko‘ra 868 milliard so‘mni tashkil etadi.

Boz ustiga soha korxonalarining 2018 yil 1 iyun holatiga nisbatan qarzlari 2,7 trillion so‘mdan oshib ketgan.

Davlatning narxlarni past darajada ushlab turishga bo‘lgan sa'y-harakatlariga qaramasdan haqiqiy bozor narxlari tasdiqlangan narxlardan balandroq bo‘lib turibdi.

Masalan, respublika bozorlarida 1 navli mahalliy unning kilosi 1400-1600 so‘mga sotilmoqda. Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan unning kilosi 2400-2600 so‘m. Bu holda unning tasdiqlangan bahosi 1120 so‘m/kg. Do‘konlarning rastalarida davlat tomonidan tasdiqlangan narxdagi un deyarli sotilmayapti.

Qolipli nonning 1 donasi uchun narx 650 so‘m qilib belgilangan esa-da, ko‘plab hududlarda non 700 so‘mdan (Buxoro, Qarshi, Navoiy, Samarqand) 1000 so‘mgacha (Jizzax, Namangan, Termiz, Farg‘ona) sotilmoqda.

Kun.uz o‘tgan yili dekabr oyida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani markazidagi dehqon bozorida qolipli non 1250 so‘mdan sotilayotgani mavzusini muhokama qilgan edi