Jahon | 07:44 / 22.09.2018
5110
2 daqiqa o‘qiladi

Assanj haqida yangi ma'lumot: Ekvador uni Moskvaga jo‘natib yubormoqchi bo‘lgan

Foto: REUTERS/Peter Nicholls

Ekvador hukumati 2017 yilda WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni Moskvadagi elchixonaga diplomatik lavozimga tayinlashni rejalashtirgan, biroq Britaniyaning unga diplomatik daxlsizlik taqdim etishdan bosh tortgani tufayli bu qaror bekor qilindi. Bu haqda Reuters tegishli hujjatlarga asosan xabar bermoqda.

Assanj olti yildan beri Ekvadorning Londondagi elchixonasida yashab kelmoqda. 2011 yilda Britaniya hukumati uni Shvetsiyaga jo‘natib yuborish haqida qaror qabul qildi, u bu davlatda nomusga tegishda ayblanmoqda. Shu tariqa, WikiLeaks asoschisi Ekvador diplomatik vakolatxonasi hududini tark eta olmaydi, sababi London politsiyasi tomonidan darhol qo‘lga olinadi.

Agentlik tanishib chiqqan hujjatda aytilishicha, o‘tgan yilning 19 dekabr kuni Ekvador hukumati Assanjga «alohida maqom» taqdim etdi, bu unga Ekvadorning Rossiyadagi elchixonasida ishlash imkonini bergan.

Biroq, Britaniya TIV oradan ikki kun o‘tib Assanjning diplomat maqomini tan olmasligi haqida javob qaytardi. Shundan so‘ng Ekvador hukumati o‘z qarorini o‘zgartirdi, deya aniqlik kiritgan agentlik.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Assanj bir qarorga kelgani, u Ekvadorning Londondagi elchixonasini tark etmoqchi ekani xabar qilingandi.

Mavzuga oid