Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumanida o‘z bolasini besh millionga sotgan ona tezkor IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. 

Dilafruz (ism shariflari o‘zgartirilgan) o‘zaro kelishmovchiliklar sabab, eri bilan ajrashib, alohida yashay boshladi. Bir necha bor ota-onasi kelib, birgalikda yashash masalasini muhokama qilganida, Dilafruz ularning taklifini keskin rad etdi.  Yolg‘iz boshi bilan to‘g‘ri yo‘lda yurmaganligi uchun qo‘shmachilik sodir etganlikda ayblanib 2017 yilda sudlandi. Endi u  o‘ziga anchadan beri “xalaqit” qila boshlagan, voyaga yetmagan chaqaloq qizidan qutulish payida yurardi. Biroq, bu rejasini qanday qilib amalga oshirishni bilmay uning boshi qotardi. Shu bois u bu masalada o‘zi pinhona uchrashib yurgan Tohir ismli tanishidan yordam so‘radi. “Maslahat oshi”ni pishirish uchun yolg‘iz yashab kelayotgan Tohirning uyiga serqatnov bo‘lib qoldi. Mahalla posboni bir necha bor Malikadan uzoq yurishi, uning  axloqsizligi obro‘sini tushirishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, Tohir Malika bilan uchrashishda davom etdi. Mahalla posboni va qo‘shnilarga esa Malikadan katta miqdorda qarzim bor, shuni kam-kamdan olib ketyapti, deya bahonani to‘qidi.   

Xullas “sheriklar” birgalikda moddiy naf ko‘rish maqsadida, jinoiy til biriktirib, Dilafruzning 2017 yil 6 noyabrda tug‘ilgan qizi Munisani 5.000.000 so‘mga sotishni rejalashtirishdi. Rejaga asosan Tohir Boysun tumani, “Toqchi” mahallasida yashovchi Malikaga qo‘ng‘iroq qilib, unga “Bir tanishi qiz chaqaloq tuqqanligi, lekin unga bola kerak emasligi, shuning uchun chaqaloqni 5.000.000 so‘mga sotmoqchiligi, agar “mijoz” topib, sotib berishda yordam bersa, chaqaloq sotishidan tushgan puldan berishni taklif qildi. O‘z o‘rnida, Malika 2017 yil 23 noyabr kuni Tohirning jinoiy taklifi to‘g‘risida Surxondaryo viloyati IIBga ariza bilan murojaat qilib, o‘z xohishi bilan jinoyat sodir qilmoqchi bo‘lgan shaxslarni jinoyat ustida ushlab berishini ma'lum qildi. 

2017 yil 24 noyabr kuni Tohir Termiz shahridagi restoranlarning birida o‘tirgan Malikaning oldiga Dilafruz bilan birga kirib bordi. Restorandagi alohida xonada o‘tirib, Malikadan chaqaloqni sotganligi evaziga 5.000.000 so‘m oldi. Dilafruz esa Malikaga chaqaloqni 5.000.000 so‘mga sotganligi to‘g‘risida tilxat yozib berib, tilxatga Tohir ham guvoh sifatida imzo qo‘ydi. Dilafruz Malikaga sotilayotgan qiziga tegishli barcha hujjatlarni taqdim qildi. Malika “Men chaqaloqni olib borib beray” deb chiqib ketgach, Tohir stol ustida turgan sariq rangli paket ichidagi pullarni chiqarib sanab ko‘rdi. Shu payt oradan 2-3 daqiqa o‘tgach Tohir va Dilafruzning oldiga Surxondaryo viloyati IIB xodimlari xolislar ishtirokida yetib kelishdi. 

2017 yil 24 noyabr kuni soat 14:00 larda Surxondaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “chaqaloq sotib oluvchi mijoz” sifatida jalb qilingan Malikaga Tohir va Dilafruz voyaga yetmagan Munisani 5.000.000 so‘mga sotayotgan vaqtda, jinoyat ustida  qo‘lga olindi.