Jahon | 10:49 / 22.09.2018
8407
2 daqiqa o‘qiladi

"Florens" dovuli AQShga qancha zarar yetkazgani ma'lum bo‘ldi

Foto: AP

AQShga "Florens" dovulidan yetgan zarar 38dan 50 milliard dollargachani tashkil etadi. Moody's Analytics agentligi ana shunday hisob-kitobni e'lon qildi, deb xabar berdi Wall Street Journal.

Qayd etilishicha, bunda mulk, transport vositalari hamda mahalliy korxonalarning to‘xtab qolishi natijasida olmagan foydalari miqdori hisobga olingan. Sug‘urta kompaniyalarining dovuldan so‘ng to‘laydigan to‘lovlari umumiy miqdori 1,7dan besh milliard dollargacha bo‘ladi.

Shu tarzda "Florens" AQSh tarixidagi eng talofatli dovullar ro‘yxatida yettinchi o‘ringa joylashdi. 2017 yil avgustda Texas shtatida yuz bergan "Xarvi" to‘foni 133,5 milliard dollar zarar keltirgandi. Keyingi o‘rinda "Mariya" (120 milliard dollar) va "Irma" (84,2 milliard dollar) joylashgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 14 sentabrda Shimoliy va Janubiy Karolina shtatlariga yopirilgan dovul oqibatida 41 kishi qurbon bo‘lgan.

Mavzuga oid