Dushanba kuni, 10 sentabrda milliarder va Alibaba group asoschisi Jyek Ma 54 yoshga to‘ldi. Xitoylik tadbirkor va uning kompaniyasi to‘g‘risidagi eng qiziq materiallarni to‘pladik.

Jyek Ma tamoyillari
«Men oddiy xitoy oilasida tug‘ildim. U qadar yaxshi o‘qimasdim. Harakat qilardim, ammo har doim ham o‘xshayvermasdi. Balki, gap mening maktabim eng yaxshi maktab bo‘lmaganidadir. Shu sabab maktabni tugatgach, ancha vaqtgacha ish topolmadim. Uch marta imtihonlardan yiqildim va universitetga kira olmadim. Biroq hech qachon yengilmadim. Muvaffaqiyatga erishmagan odamdan muvaffaqiyatsizligining sababini so‘rab ko‘ring. Agar u bunda kimnidir ayblasa, uning imkoniyati yo‘q. Omadsizlar ana shunday gapirishadi. Imkoniyati borlar esa boshqacha so‘zlaydilar…
Alibaba’ga Xitoyda asos solingan, biroq u Xitoy kompaniyasi bo‘lib qolmasligi zarur. Uning hatto nomi ham xitoycha emas, u arab tilidan olingan. Axir yodingizda-ku, bu so‘z “1001 kecha” to‘plamida uchraydi. Men uni ataylab tanladim. Xitoyda yaratilgan kompaniya butun dunyodagi kichik kompaniyalar va yoshlarga yordam berishini istadik.
Agar kelajakka tayyor bo‘lishni istasangiz, kecha qilgan ishlaringizni bajarmang. Xotirani mashq qildirish kerak emas, baribir kompyuterdan ko‘prog‘ini yodda saqlay olmaysiz. Tezroq o‘qishga harakat qilmang, chunki kompyuterlar buni tezroq amalga oshiradi. Siz ijodkor, novator bo‘lishga harakat qilishingiz kerak, konstruktiv bo‘lishingiz lozim. O‘rganayotganlaringizning bari sizni ana shunday odamga aylantirishi zarur.
O‘z-o‘zimga doim mana bunday maslahat beraman. Hech narsa oddiy va bekorga bo‘lmaydi. Agar muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lsangiz, buning uchun haq to‘lash kerak bo‘ladi.
O‘z-o‘zimga har kuni beradigan yana bir maslahat. Men har kuni mana bunday deyman: «Bugun bari murakkab, ertaga bundan-da murakkab bo‘ladi, indinga bari ajoyib bo‘ladi, biroq ko‘pchiligimiz ertaga kechki payt vafot etamiz». Aynan shuning uchun qo‘lni-qo‘lga tekkizmay ishlash kerak.Har bir yangi kun muammolar keltirishi mumkin, biroq murakkab vaziyatda chiniqasiz. O‘z-o‘zingizga ishonishingiz kerak, ana o‘shanda kelajakdagi har qanday muammoni yecha olasiz.
Agar to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgan bo‘lsangiz, pulning o‘zi sizni topadi. Bu aynan shunday ishlaydi. «Agar pulim bo‘lganida, mana bunday qilgan bo‘lardim» deydiganlarga men har doim shunday javob beraman: «Sizda hech qachon pul bo‘lmaydi. Agar biror narsani haqiqatan ham amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, buni pulsiz bajaring. Natijaga erishsangiz, sizga pul keladi».

















