Bao Fan China Renaissance Holdings moliyaviy kompaniyasiga asos solgan bo‘lib, uning mijozlari ro‘yxatiga Tencent, Alibaba va Baidu kabi internet gigantlari ham kiradi. Kompaniya Xitoydagi texnologiya sohasidagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Baoning kutilmaganda yo‘qolib qolishi hikoyasi boshqalarniki bilan deyarli bir xil tarzda rivojlandi: dastlab u g‘oyib bo‘ldi, bir necha kundan keyin uning kompaniyasi u «Xitoy Xalq Respublikasining tegishli organlari tomonidan olib borilayotgan tergovga yordam berayotgani»ni ma’lum qildi.

Bao Fan g‘oyib bo‘lishi bilan bozorda uning kompaniyasi aksiyalari 27 foizga quladi. Foto: GREG BAKER

Tergovni qaysi davlat organi olib borayotgani, uning maqsadi nima ekani va u bilan «hamkorlik» qilayotgan Bao aynan qayerdaligi har doimgidek noma’lum.

Bu xitoylik biznes rahbarining birinchi marta sirli ravishda yo‘qolib qolishi emas. Oxirgi vaqtlarda bunday yoqimsiz holat bir necha biznesmen bilan sodir bo‘ldi, jumladan Xitoy iqtisodiyotining internet giganti — Alibaba Group rahbari va asoschisi Jyek Ma bilan ham.

Albatta, milliarderlarning g‘oyib bo‘lishi ko‘pchilikning e’tiborini tortadi, biroq kamroq ko‘zga tashlanuvchi fuqarolar ham hukumatga qarshi namoyishlarda yoki inson huquqlari uchun kampaniyalarda qatnashganidan keyin yo‘qolib qolmoqda.

Jyek Ma 2019 yilda qishloq o‘qituvchilariga mukofot topshirish marosimida. Foto: WANG HE

Bao Fan bilan sodir bo‘lgan voqea mashhur, ammo prezident Si Jinping Xitoy iqtisodiyoti ustidan nazoratni kuchaytirayotganiga yagona misol emas degan fikr bor.

Xitoy Renaissance kompaniyasi rahbari har yili o‘tkaziluvchi Butunxitoy xalq vakillari yig‘ini (BXVY) s’yezdi arafasida «hokimiyat bilan hamkorlik qilish»ni boshladi. Bu safargi yig‘inda Xitoyning moliyaviy me’yoriy-huquqiy bazasini so‘nggi yillardagi eng katta qayta ko‘rib chiqish rejasi e’lon qilingandi.

Xitoy hukumati moliyaviy sektorni nazorat qilish uchun yangi yagona nazorat organi yaratishga qaror qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu organ turli xizmatlar Xitoyning trillion dollarlik moliya sanoatining turli qismlari uchun javobgarligi ortidan kelib chiquvchi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni yopadi.