O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filialini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Farg‘ona viloyati hokimligining Qo‘qon shahrida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qo‘qon filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgani aytilgan.
Ushbu filial Qo‘qon shahri, Usmon Nosir ko‘chasi, 4-uy manzilida, Qo‘qon qurilish va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binosida joylashadi. Kollej o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar filial binolarida o‘quv jarayonini davom ettirishadi.
Quyidagilar filialning asosiy vazifalari etib belgilangan:
- sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, muhandislik ishi hamda ishlab chiqarish texnologiyalari sohalari uchun, xususan, elektronika va asbobsozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, texnologik mashinalar va jihozlar, elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta'minlash;
- iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni sinab ko‘rish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;
- kadrlar buyurtmachilari takliflari hamda xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda tegishli muhandislik-texnik va ishlab chiqarish bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;
- o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta'lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalaridagi respublika va xorijiy yetakchi oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikda aloqalarni rivojlantirish;
- respublika va xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktaranturaga muntazam yuborish orqali filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
Shuningdek, qaror bilan 2018–2019 o‘quv yilida Filialda bakalavr tayyorlash bo‘yicha qabul kvotalari tasdiqlandi.
Filialga joriy o‘quv yili uchun talabalar kontingenti Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida doimiy propiska qilingan, respublika oliy ta'lim muassasalariga qarorda belgilangan ta'lim yo‘nalishlarining mos va turdosh ta'lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘qishga kira olmagan, biroq to‘plagan ballari eng yuqori ballning 30 foizidan (56,7 ball) kam bo‘lmagan abituriyentlar hisobidan to‘lov-kontrakt asosida shakllantiriladi.
















