Italiya chempionatida 7-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga molik bo‘lgan bir necha muhim voqealar yuz berdi.

«Yuventus» turning markaziy o‘yinida «Napoli»ni yengdi, Ronaldu jamoasining uchta golida ishtirok etdi

«Yuventus» o‘z maydonida «Napoli»ni qabul qildi. Chempionlik uchun bevosita kurash olib borayotgan bu ikki jamoaning o‘yini nafaqat turning, balki turnirning ham markaziy o‘yinlaridan biri bo‘ldi.

10-daqiqadayoq mehmonlar raqib xatosidan foydalanib, hisobni ochishdi. Mertens yaqin masofadan darvozani qiyinchiliksiz ishg‘ol etdi. Shundan so‘ng, sahnaga Krishtianu Ronaldu chiqdi. Bu bahsda u darvozaga to‘p kiritolmagan bo‘lsa-da, jamoasining barcha gollarida ishtirok etib, o‘yin qahramoni bo‘ldi. 26-daqiqada uning to‘p oshirishidan so‘ng, Manjukich boshi bilan darvozani ishg‘ol etdi. 49-daqiqada Ronaldu uzoq masofadan zarba yo‘llaganida, to‘p darvoza ustuniga tegib qaytdi. Manjukich esa uni bo‘sh qolgan darvozaga aniq yo‘lladi. 76-daqiqada burchakdan oshirilgan to‘pni Ronaldu boshi bilan darvoza tomon yo‘naltirdi. Himoyachilardan ildamroq harakat qilgan Bonuchchi uni bo‘sh qolgan darvozaga kiritib yubordi.

«Yuventus» 3:1 hisobida irodali va ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritib, 100% natija bilan chempionat jadvalini boshqarib kelmoqda. Jamoa eng yaqin ta'qibchisi «Napoli»dan 6 ochko ilgarilab ketdi.

«Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri o‘yindan so‘ng, jamoasining g‘alabasiga izoh berib, shunday dedi: «O‘yinning boshida qiyin bo‘ldi, biz to‘pni nazorat qilolmadik va gol o‘tkazib yubordik. Ronaldu yaxshi ishladi, u bir necha xavfli vaziyatlarni yarata oldi. «Napoli» bir futbolchi kam bo‘lib qolgach, o‘yinni tashlab qo‘ydik va bu menga yoqmadi. Ular hisobni tenglashtirishi mumkin edi».

«Napoli» ustozi Karlo Anchelotti mag‘lubiyat sabablariga to‘xtalib o‘tib, shunday dedi: «Jamoadan mamnun emasman, o‘yinni zo‘r boshladik, gol urdik. Shundan so‘ng, «Yuventus»ga muvozanatni tiklab olishga imkon berdik. Umuman olganda, biz yaxshi o‘yin namoyish qildik. Endi iroda va barqarorlik ustida ishlashimiz shart».

Yuventus – Napoli 3:1 (1:1, 2:0)

29 sentabr «Alyants Stedium»