Bugun, 2 oktabr kuni Yevropa Chempionlar Ligasining 4 guruhida 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. «Manchester Siti» dastlabki turdagi mag‘lubiyatdan keyin Germaniyada vaziyatni o‘nglashga urinsa, «MYu» Valensiya sardorligi ostida «Valensiya»ni qabul qiladi. Shu va boshqa o‘yinlar anonsini e'tiboringizga havola qilamiz.

Ye GURUHI

BAVARIYa – AYaKS
Myunxen. «Alyants Arena». 23:55.Hakam: Pavel Kralovets (Chexiya)

AYeK – BeNFIKA 
Afina. «Olimpiko Sbadio Spiros Luis». 23:55.Hakam: Orle Grinfild (Isroil)

«Bavariya» va boshqalar» deb nomlash mumkin bo‘lgan Ye guruhida Kovach shogirdlari «Ayaks»ni qabul qiladi. Niderlandiyaliklar ilk o‘yinda AYeK ustidan juda chiroyli yirik g‘alabaga erishdi va keyingi bosqichga chiqish uchun asosiy da'vogar ekanliklarini namoyish qilishdi. «Benfika» oldida yana bir qo‘shimcha ustunlikka ega bo‘lish uchun bugun ochko olish zarar qilmaydi.

Bir qaraganda, «Bavariya»dan ochko olishning ayni payti. Mavsumni juda kuchli boshlagan «Bavariya» o‘tgan haftani juda yomon o‘tkazdi va Bundesligadagi yakkahokimlikni boy berdi. Avvaliga, Myunxenda «Ausburg»ga qarshi o‘yindagi durang ko‘pchilik uchun kutilmagan holatdek baholangan bo‘lsa, uch kun o‘tib Berlinda «Herta»dan mag‘lubiyatga uchragan jamoa «Borussiya»ni birinchi o‘ringa o‘tkazib yubordi. Shu tufayli, mezbonlarda ortiqcha bosim paydo bo‘lgani tabiiy – yana bir omadsiz uchrashuv va keyin, jamoa atrofida salbiy fikrlar ko‘paya boshlaydi.

«Ayaks» esa, yaxshi sport formasida, ayniqsa, hujumni tashkil qilish va gol urish borasida muammo yo‘q. Amsterdamliklar so‘nggi 11 o‘yinning 8tasida g‘alaba qozonishdi va g‘alabalarning 6tasi yirik hisobda amalga oshdi.

Niko Kovach ham, Erik Den Hag ham uzoq muddatga safdan chiqqan (Tolisso, Koman – Singraven, Veltman) futbolchilarni aytmasa, asosiy tarkibdan to‘liq foydalanishlari mumkin. Mezbonlar tarkibida faqat Leon Goretskaning maydonga tushishi so‘roq ostida.

Afinada birinchi turning omadsiz jamoalari to‘qnash keladi. Bu o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan jamoa pley-offga ega chiqish uchun o‘z imkoniyatini deyarli nolga tenglashtirib qo‘yadi. Portugaliya chempionatida turnir jadvalini boshqarib turgan «Benfika» oxirgi turda kutilmaganda, «Shavish» bilan durang o‘ynab qo‘ydi va uchinchi o‘ringa tushib ketdi. Bu uchrashuv YeChLning mana shu bugungi o‘yini uchun «qurbon qilingan» bo‘lish ehtimoli yuqori.