Bugun, 3 oktabr kuni Yevropa Chempionlar Ligasining yana 4 guruhida 2-tur o‘yinlari davom ettiriladi. «Tribuna» bu uchrashuvlar anonsini taqdim etadi.

A GURUHI

«ATLeTIKO» – «BRYuGGe»
Madrid. «Vanda Metropolitano» stadioni. 23:55.
Hakam: Ivan Krujlyak (Slovakiya)

«BORUSSIYa» DORTMUND – «MONAKO»
Dortmund. «Signal Iduna Park». 23:55.
Hakam: Aleksey Kulbakov (Belarus)

O‘tgan turda «Bryugge» o‘z maydonida «Borussiya»ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, agar o‘yinni tomosha qilgan bo‘lsangiz, siz ham bilasiz – belgiyaliklar juda kuchli o‘yin namoyish etishdi va bir necha o‘yinga yetadigan xavfli vaziyatlarni yarata olishdi. Ya'ni, bugungi o‘yinda «Atletiko» yaqqol favorit bo‘lsa-da, g‘alaba u qadar osonlik bilan kelishini bashorat qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Umuman, «Bryugge» kabi o‘yin uslubiga ega maktab vakillariga qarshi Simeone muammolarga duch kelishini avvaldan bilamiz. Esingizda bo‘lsa, uch yil oldin «Atletiko» PSV bilan juda qiyin pley-off o‘yinlarini o‘tkazgandi.

Shuningdek, madridliklarning shanba kuni «Real»ga qarshi og‘ir derbi o‘yinida maydonga tushganini ham unutmaylik. «Bryugge» esa Belgiya kubogida ikkinchi tarkib bilan maydonga tushib yutqazdi. Ya'ni, endi jamoa bor e'tiborini milliy chempionat va YeChLga qaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Keyingi juftlik - «Borussiya» va «Monako» guruhdagi ikkinchi yo‘llanma uchun asosiy raqobatchi sifatida tilga olinadi. 2017 yilning aprelida bu jamoalar YeChL chorak finalida to‘qnash kelgandi. O‘shanda «Monako» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘olib chiqqan va yarim finalga yo‘l olgandi. Shundan buyon Monakoni Lemar, Bernardu Silva, Fabino, Mbappe, Bakoyoka kabi asosiy futbolchilar tark etishdi, ya'ni jamoa deyarli butunlay o‘zgardi. «Borussiya» ham endi yangi murabbiy qo‘l ostida to‘p surmoqda.

Bu o‘yinga jamoalar turli holat va kayfiyatda kirib kelishmoqda. «Borussiya» Bundesligada mag‘lubiyatsiz bormoqda va «Bavariya»ning so‘nggi turlardagi qoqilishlari evaziga birinchi o‘ringa chiqib oldi. «Monako» esa, aksincha, 11 avgust kuni «Nant» ustidan safarda erishilgan g‘alabadan buyog‘iga birorta o‘yinda g‘alaba qozona olmayapti. Qatorasiga sakkiz o‘yin g‘alabasiz seriya «Monako»ning jiddiy inqirozda ekanini anglatadi.