O‘zbekiston | 11:10 / 04.10.2018
71977
3 daqiqa o‘qiladi

Gulnora Karimova Dubayga ketgani haqidagi xabarlar ortidan Britaniya hukumati uning aktivlarini xatlamoqchi

Buyuk Britaniya hukumati Gulnora Karimovaning qirollik hududidagi ko‘chmas mulk obektlari va boshqa aktivlarini xatlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Britaniyadagi O‘ta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurashish byurosi (Serious Fraud Office) xabar tarqatgan.

«Boshqarma 2002 yili joriy etilgan qonunga muvofiq obektlarni fuqarolik tartibida musodara qilish haqida sud da'vosi bilan murojaat qildi. Da'vo bir necha aktivlarga, shu jumladan, O‘zbekistonda Gulnora Karimova va Rustam Madumarov ishtirokidagi korrupsiyaviy bitimlardan olingan daromadlardan foydalanib sotib olingani taxmin qilinadigan uchta ko‘chmas mulk obektiga taaluqlidir», deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova 28 sentabr kuni Toshkentdan Londonga uchib ketgani xabar qilingandi.  U Londondagi iqtisodiyot maktabida (London School of Economics) tahsil olmoqda. Uning akasi Islom Karimov ham bir necha yillardan buyon London shahrida istiqomat qilib kelmoqda.

Shuningdek, 1 oktabr kuni Imon Karimova onasi Toshkentdagi uyda ekani haqida yozdi. U Instagram’dagi sahifasida shunday deb yozgan: «Onam endi uyda».

Bu xabar ortidan Gulnora Karimova 2 oktabr kuni Dubayga uchib borgani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura esa bu xabarni inkor etib, Imon Karimova O‘zbekistonni hech qanday to‘sqinliksiz tark etgani, Gulnora Karimova esa qonun bilan belgilangan tartibda jazo o‘tashni davom etayotgani haqida ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, 2017 yilning iyulida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma'lum qilgandi.

Unga ko‘ra, Karimova 2015 yilning avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan bir qator jinoyatlarda, jumladan, jinoiy guruh tuzishga aloqadorlik, o‘g‘irlik, pul undirish, davlat mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborish, soliqlar to‘lashdan bosh tortishda aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Yana bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda. U o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad qilgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu uyushgan jinoiy guruh 10dan ortiq xorijiy davlatda legallashtirilgan mablag‘larga ega. Jumladan, guruhning Buyuk Britaniyada 4,2 million funt miqdorida pul mablag‘lari, shuningdek, Londonda umumiy narxi 22,9 million funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalari borligi aniqlangan.

Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, Shveytsariyada Karimovaning 810 million dollar miqdoridagi mablag‘i muzlatilgan.

Mavzuga oid