Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqini Anqarani o‘z tarkibiga qabul qilish jarayonini cho‘zayotganlikda aybladi va mamlakatda bu borada referendum o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.
“Biz o‘z yo‘nalishimizni aniqlab olishimiz uchun bu vaziyat tezroq poyoniga yetsa yaxshi bo‘lardi. Ular hamon ishni cho‘zishmoqda. Biz bilan hattoki solishtirib bo‘lmaydigan davlatlar Yevropa Ittifoqi a'zosi bo‘lgan. Agar shunday ketadigan bo‘lsa, unda 81 mlnlik aholimizga Yevropa Ittifoqi borasida yuzlanishgina qolmoqda va ko‘ramiz, ular nima deydi”, deb aytgan Erdo‘g‘an Istanbuldagi forumda.
Erdo‘g‘an Bryusselni Turkiyaning YeIga kirishi bo‘yicha bir qarorga kelishga chaqirgan.
“Qabul qilmasangiz, shunday deb ayting va siz o‘z yo‘lingiz, biz esa o‘z yo‘limiz bilan ketamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Turkiya prezidenti.
Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar 2016 yilda Turkiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntaruviga urinishdan keyin yomonlashgan. Yevropa Ittifoqi Turkiya rahbariyatining to‘ntaruvga urinish bo‘yicha ko‘rgan qat'iy choralarini tanqid qilib, Anqaraning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha jarayonni to‘xtatib qo‘ygan.
Shuningdek, Erdo‘g‘anning aytishicha, Turkiya qurolli kuchlari Suriyada erkin saylovlar o‘tganidan va terrorchilik xavfi yo‘q qilingandan keyingina bu mamlakatdan ketadi.
“U yerdan terrorchilik ketganda, halol saylovlar o‘tgandagina biz ketamiz. Bizni Idlib aholisi taklif qilgan. Afrinda ham shu holat, bizni xalq chaqirgan. Qayerda ezilganlar bo‘lsa, biz o‘sha yerdamiz”, deb aytgan Erdo‘g‘an.
Turkiya armiyasi 2016 yil avgustda Suriyadagi jangarilarga qarshi “Frot qalqoni” harbiy operatsiyasini boshlagan. Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim 2017 yil mart oxirida operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganini e'lon qilgan.

















