Sport | 12:30 / 05.10.2018
16252
2 daqiqa o‘qiladi

Nike va EA Sports Ronaldu haqidagi xabarlardan tashvishda

EA Sports va Nike kompaniyalari «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq mojaroli ish bo‘yicha bayonot berishdi.

«Biz Krishtianu Ronalduga qarshi ayb qo‘yilgan hisobot bilan tanishib chiqdik. Vaziyatni diqqat bilan kuzatib boramiz, sportchilar va bizning elchilarimiz o‘zlarini bizning qadriyatlarimizga munosib tutishi kerak», – deyilgan EA Sports bayonotida.

Ronaldu – EA Sports yuzi hisoblanadi. Uning tasviri FIFA 19 simulyatorida ham aks etgan.

«Biz qattiq xavotirdamiz va vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz», – deyiladi Nike bayonotida.

Nike va Ronaldu 2003 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Oxirgi kelishuv 2016 yilda tuzilgan, bu kelishuv 1 mlrd dollarga baholangan, portugaliyalik futbolchining so‘zlariga ko‘ra bu kelishuv butun umrga tuzilgan.

O‘z navbatida «Yuventus» ham Ronalduga qarshi ish bo‘yicha bayonot bergan.

«Krishtianu Ronaldu keyingi oylarda professionalizm va ishga sadoqat namoyish etmoqda. 10 yil muqaddam sodir bo‘lgani aytilayotgan voqea unga bo‘lgan munosabatga ta'sir ko‘rsatmaydi. Bunday qarash klubdagi buyuk chempion bilan muloqot qiladigan barcha a'zolarning umumiy fikridir», — deyilgan «Yuventus» matbuot xizmati xabarida.

28 sentabr kuni Germaniyaning Der Spiegel nashri 34 yoshli amerikalik Ketrin Mayorganing boshdan kechirganlarini e'lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu uni 2009 yilning 13 iyunida Las-Vegasdagi mehmonxonalarning birida zo‘rlagan. Da'vogar tomonning aytishicha, 2010 yilda Mayorga futbolchining vakillari bilan 375 ming dollar evaziga jim yurish bo‘yicha kelishuv tuzgan.

Maqola e'lon qilingach, Las-Vegas politsiyasi Ronalduga qarshi ishni qayta ko‘rib chiqishni boshladi.

Mavzuga oid