O‘zbekiston | 01:24 / 06.10.2018
31136
4 daqiqa o‘qiladi

Paxta hosilini hasharchilar yordamida terib oladigan tumanlarda har kilogramm paxta uchun yana 100 so‘m pul beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «2018 yil hosili paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 30 avgustdagi №703-sonli qaroriga o‘zgartirish kiritish haqidagi»gi №798-sonli qarori qabul qilindi.

Yangi qaror bilan hukumatning 2018 yil №703-sonli qarorining birinchi bandi 4-xatboshisiga o‘zgartirish kiritilmoqda.

703-sonli qarorning 4-xatboshisiga ko‘ra, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) terimchilarni paxta yig‘im-terimiga qo‘shimcha jalb etish maqsadida qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun terimchiga qo‘shimcha 150 so‘m ustama, hamda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so‘m, jami 300 so‘m to‘lanishi ko‘zda tutilgan edi.

Kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida (qaror ilovasiga ko‘ra, yordamchi kuchlarsiz (terimchilarsiz) terib oladigan tumanlardan tashqari) qo‘lda teriladigan bir kilogramm paxta xomashyosi uchun terimchiga qo‘shimcha 100 so‘m naqd pulda kunlik ustama to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, qo‘shimcha to‘langan to‘lovlar qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan yakuniy hisob-kitoblarda hisobga olinmasligi belgilanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori bilan paxta xomashyosi mashinada terilganda, bir tonna uchun 400 ming so‘m, qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha haq to‘lanishi belgilangan edi.

Bunda, terimchilar birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 1 kg paxta xomashyosini terganida 650 so‘m, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha 850 so‘m, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda 1000 so‘mdan ish haqi to‘lash belgilandi.

Shuningdek, aholisi kam bo‘lgan hududlar uchun alohida tartib belgilanib, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, shuningdek Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha 150 so‘m, oziq-ovqat xarajatlariga 150 so‘m, jami 300 so‘m ustama haqi to‘lanishi belgilangan edi. Masalan, paxta terim mavsumining birinchi bosqichidanoq terimchilar yuqorida qayd etilgan hududlarda 1 kg paxta uchun 950 so‘mdan haq olishi nazarda tutilgan. Mazkur hududlarda 1 kg qo‘lda terilgan paxta xomashyosi uchun ikkinchi bosqichda 1150 so‘m, uchinchi bosqichda 1300 so‘mdan to‘lanadi.

Ushbu mablag‘lar Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ta'minlanadi. Shu maqsadda jamg‘armadan 246 mlrd. 404 mln. so‘m ajratilishi rejalashtirilgan edi.

Endu bu tumanlardan tashqari, qarorda ko‘rsatib o‘tilgan hududlarda yordamchi kuchlar yordamida qo‘lda teriladigan paxtaning 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda 750 so‘m, ikkinchi bosqichda 850 so‘m va uchinchi bosqichda 1100 so‘m to‘lanadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid