KUN.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati, Urganch shahri, Xiva ko‘chasi 1-yo‘lak, 31-uyda istiqomat qiluvchi, 38 yoshli Mansur Madaminov farzandining davolanishi bilan bog‘liq muammoning yechimini izlab, murojaat qildi.

Madaminovlar oilasi bilan bir qatorda, taxminimizcha, o‘zbekistonlik ko‘plab oilalarni tashvishga solayotgan bu muammoni o‘rganib chiqdik.

2013 yili Madaminovlar oilasida o‘g‘il farzand Zafarbek dunyoga kelgan. 2016 yilda unda yurak bilan bog‘liq xastalik - aortal klapan yetishmovchiligi aniqlangan. Unga hamroh kasallik sifatida «Ikki tomonlama surunkali sensonevral eshitish zaifligi 4-darajasi» tashxisi qo‘yilgan, ya'ni bolakayning ikkala qulog‘i umuman eshitmasligi aniqlangan.

Zafarbekning eshitish qobiliyati tiklanishi uchun imkoniyat bor. Unga koxlear implantati operatsiya yo‘li bilan o‘rnatilishi shart.

Koxlear implant - jarrohlik yo‘li bilan o‘rnatiladigan tibbiy protez bo‘lib, eshitish zaifligini kompensatsiya qilish imkoniyatini beradi.

Uning narxi 130 million so‘mdir, buni hamma oilaning byudjyeti ko‘tara olmasligi aniq. Shuning uchun ham O‘zbekistonda bunday xastalikka chalingan bolalarga davlat tomonidan beg‘araz yordam berish dasturi mavjud.

2018 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini 5 yillik davlat dasturi qabul qilindi. Uning 142-bandida Neyrosensor karlik yoki zaif eshitadigan 150 nafar bolada koxlear implantlardan foydalangan holda operatsiyalar o‘tkazish nazarda tutilgan. Bu rejani amalga oshirish uchun 26,5 milliard so‘m ajratilishi va bu mablag‘lar Xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning grantlari, shuningdek, davlat byudjyeti mablag‘lari hisobiga jalb etilishi belgilangan. 

  Koxlear implantat operatsiyasi uchun bemorlar tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. U Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshiriladi. Zafarbek Madaminov kasalligi aniqlangan 2016 yildan (3 yoshidan) beri komissiya ko‘rigidan o‘tish uchun navbat kutmoqda. Ammo bu ko‘rik 2018 yilning sentabr oyiga qadar (2 yil ichida) hali biror marta o‘tkazilmagan.

Komissiya ko‘rigining o‘tkazilmaganiga yagona sabab - koxlear implantatlarning yo‘qligidir. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi koxlear implantat bo‘lmaguncha, hech qanday komissiya ko‘rigini tashkil qilmaydi.