Angliya chempionati turnir jadvalida 8 tur o‘yinlaridan keyin birato‘la uch jamoa 20tadan ochko to‘plagan holda yuqori uchlikni band etgan. «Arsenal» esa nihoyat to‘rtinchi o‘ringa qaytgan. «Tribuna» Angliya chempionatida tur yakunlarini sarhisob qiladi.

Mourino Fergyusondan o‘zib ketdi

«Manchester Yunayted» – «Nyukasl» 3:2 (0:2, 3:0)
Gollar: 0:1 – 7 Kenedi, 0:2 – 10 Muto, 1:2 – 70 Mata, 2:2 – 76 Marsiyal, 3:2 – 90 Sanches.
«Manchester Yunayted» – De Xea, Yang, Bayi (Mata, 19), Smolling, Shou, Maktomini (Fellayni, 46), Matich, Pogba, Reshford (Sanches, 67), Lukaku, Marsiyal.
«Nyukasl» – Dubravka, Yyedlin, Lassels, Fernandes, Mankilo, Ritchi, Shelvi, Diame, Kenedi (Merfi, 68), Peres (Xoselu, 88), Muto (Atsu, 78).
Ogohlantirishlar: Shou (45), Ritchi (58), Pogba (63), Diame (69).

Instagramda tasodifan «layk» bosib qo‘yish ham hayfsanga olib keladi. Joze Mourinoning iste'fosi haqidagi xabarga bilmasdan «layk» bosgan Antonio Valensiya keyinchalik uzr so‘ragan bo‘lsada, murabbiy uni kechirmadi va shanba oqshomidagi o‘yinda maydonga tushirmadi. Ekvadorlik futbolchi hatto o‘yin zayavkasiga kiritilmagan. Ammo u maydonga tushganida jamoa yaxshi o‘ynab qolarmidi? «Qizil iblislar» himoyasida o‘yinning dastlabki daqiqalaridanoq parokandalik kuzatildi. O‘yinning 10-daqiqasiga kelib «qarg‘alar» 2ta gol urib ulgurishgandi. Bunday sarosima «Old Trafford»da hech qachon ro‘y bermagandi.

O‘yindan oldin fanatlar Mourinoning haydalishi haqida qo‘shiq kuylashayotganida Mourino telekameraga qarab qo‘lidagi idishdan suv sepdi. U xushchaqchaq edi.

Ammo u tanaffus uchun hushtak yangraganida kiyim almashtirish xonasi tomon xavotir bilan chopib borardi. Kiyim almashtirish xonasida nimalar ro‘y bergan, qanday gaplar aytilgan, biz bilmaymiz, ammo ikkinchi bo‘limga boshqa jamoa chiqib keldi. Ikkinchi bo‘limda «qizil iblislar» qafasdan qutulib chiqqandek o‘ynashdi. Futbolchilar jon-jahdi bilan g‘alabaga intilishdi va 3 ochkoni raqib qo‘lidan yulqib olishdi. Jamoadagi har bir futbolchi gol urishni istardi. Nihoyat, buni Mata uddaladi.