O‘zbekiston | 07:30 / 09.10.2018
32085
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Fransiya kompaniyalariga chaqiriq bilan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning eng yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Unda “Total”, “Total Eren”, “Orano”, “Fivs Shteyn”, “Ranjis Semmaris”, “Vinchi”, “Suets”, “Sad”, “Idemia”, “Mersiye”, “Tales Aleniya Speys”, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi kabi Yevropa va jahon bozorida yetakchi kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.    

Uchrashuvda O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani ta'kidlandi. Ular faoliyatini rag‘batlantirish va himoya qilish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biznesni rivojlantirish yo‘lidagi turli to‘siqlarga barham berildi, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli darajada qisqartirildi. 

Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tadbirkorlar va investorlar uchun katta qulayliklar yaratadi. 

- Xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xorijiy investitsiyalar bo‘yicha kengash tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Uning vazifasi sarmoyadorlar fikrini inobatga olgan holda O‘zbekiston investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi. Sizni kengash ishida faol ishtirok etishga taklif etamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fransiyalik tadbirkorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Valyuta tizimining liberallashtirilgani, viza olish tartibining soddalashtirilgani o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratganini ta'kidladi. Bunday qulaylik va yengilliklar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqishni kuchaytirdi. Davlatimiz rahbari tashrifi arafasida umumiy qiymati 5 milliard yevroga yaqin investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolangani bundan dalolat beradi, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Fransiya moliyaviy tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari, o‘zaro tovar yetkazish va xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mavzuga oid