Dam olish kunlari turkiyalik qo‘shiqchi Berkay Shahin va uning rafiqasi O‘zlem Ade Shahin Istanbulning nufuzli tumani bo‘lmish Emirganda joylashgan tungi klublardan biriga hordiq chiqarish uchun borishgandi. Bu klubga «Istanbul» jamoasida to‘p surayotgan taniqli futbolchi Arda Turan ham do‘stlari bilan tashrif buyurgandi.

Foto: globallookpress.com/Depo Photos/ZUMAPRESS.com

Ular bir-birlari bilan tanish bo‘lishmagan. Hordiq davomida Turan Berkayning rafiqasiga qiziqib qolgan. «Agar men uylanmagan bo‘lganimda, sening yoningdan jim o‘tmasdim», degan Turan.

Futbolchining bu shilqimligi Berkayning g‘azabini qo‘zitgan. U futbolchi bilan bahslasha boshlagan, futbolchi esa unga musht tushirib, burnini sindirgan. Shahinni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishgan va operatsiya qilishgan.

Turan shu kuni shifoxonaga to‘pponcha bilan borib, Berkaydan uzr so‘ragan. U jabrdiydasiga to‘pponchani tutqazib, istasa o‘zini otib tashlashi mumkinligini bildirgan. «Men u sening xotining ekanini bilmagandim. Kechir. Istasang, meni o‘ldirishing mumkin», – degan u. Shahin esa bu taklifdan foydalanmagan.

Ma'lumot uchun, Arda Turan shu yilning 11 martida Aslixon Do‘g‘anga uylangandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va rafiqasi nikoh marosimida guvoh sifatida ishtirok etishgan. Ayni vaqtda uning rafiqasi homiladorlikning sakkizinchi oyida.

Berkay – taniqli pop-qo‘shiqchi, rafiqasi esa – model

Foto: instagram.com/berkaysahinn; 

2010 yilda Shahinning ilk relizi Ele Inat chiqqandi, o‘shanda uni Turkiyada yil qo‘shiqchisi deya e'tirof etishgan. Shundan keyin u yana ikkita albom chiqargan.

O‘zlem – mashhur model, instagramda uning 182 ming obunachisi bor. U ayni vaqtda universitetda tahsil olmoqda. 

2016 yilda ushbu juftlik turmush qurgan, ularning bir farzandi bor – kichik Arya ayni vaqtda 10 oylik.

Turkiyada Turanni muhokama qilishmoqda

Foto: Seskimphoto/imago sportfotodienst