Jahon | 14:22 / 11.10.2018
8810
2 daqiqa o‘qiladi

Jeenbekov rus tilining rasmiy maqomini ma'naviy boylik deb atadi

Foto: K-News

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning fikricha, mamlakatning barcha fuqarolari qirg‘iz tilini bilishi kerak, biroq, shu bilan birga, rus tilini ham asrash lozim. Bu haqda u bugun MDHga a'zo mamlakatlar o‘qituvchilari va ta'lim sohasi xodimlarining beshinchi qurultoyi ochilishida ma'lum qildi, deya xabar beradi «24.kg».

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pmillatli Qirg‘izistonda ta'lim orqali turli madaniyat va tillar, etnik va diniy jamoalar o‘zaro uyg‘unlashadi. Shu bilan birga, davlat ahamiyatiga molik vazifa - mamlakatdagi barcha fuqarolarning qirg‘iz tilini bilishi.

«Qirg‘iziston - fuqarolar Pushkin va Dostoyevskiy tilida erkin so‘zlashadigan mamlakatlardan biri. Biz buni jamiyatimizning ma'naviy boyligi deb hisoblaymiz. Mening fikrimcha, biz bu boylikni himoya qilishimiz va ko‘paytirishimiz kerak», - dedi prezident.

Qirg‘iz tili, Qirg‘iziston davlat tili sifatida, milliy birdamlik vazifasini bajarishi kerak, deya ta'kidlab o‘tdi u.

«Qirg‘izistonda tillarni saqlash va rivojlantirish, mamlakatimizda yashayotgan barcha millatlarning an'analari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Konstitutsiyamizda fuqarolarimizning davlat, rasmiy va jahon tillaridan birida so‘zlashishi prinsipi mustahkamlab qo‘yilgan. Bizda rus tili rasmiy maqomga ega», - deya qayd etib o‘tdi Jeenbekov.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid