Jahon | 17:30 / 12.10.2018
6782
3 daqiqa o‘qiladi

G‘arb mamlakatlari Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik tamoyillarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin

Foto: Anadolu Agency

Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi g‘oyib bo‘lganidan keyin Virgin Group xalqaro investitsion kompaniyasi 1 milliard dollarlik sarmoyaviy loyihani amalga oshirish muddatini kechiktirishi haqida e'lon qildi. "Anadolu" agentligi shu haqida xabar berdi. 

Agar Qoshiqchining g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq xabar tasdiqlansa, G‘arb mamlakatlari Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik tamoyillarini butkul qayta ko‘rib chiqadi, dedi Virgin Group asoschisi, britaniyalik ishbilarmon Richard Brenson. 

Virgin Group asoschisining ta'kidlashicha, kompaniya Ar-Riyodga mashhur jurnalistning yo‘qolishi bilan bog‘liq ma'lumotni taqdim etishni so‘rab murojaat qilgan va Saudiya Arabistoni bilan yirik investitsion loyihani amalga oshirish muddatini kechiktirdi. 

2017 yilda Saudiya Arabistoni Virgin Galactic va Virgin Orbit'ga 1 milliard dollar sarmoya kiritish rejasi haqida e'lon qilgan edi. 

Shuningdek, shtab-kvartirasi San-Frantsiskoda joylashgan Uber xalqaro xususiy kompaniyasi 23-25 oktabrda Ar-Riyodda o‘tadigan konferensiyada ishtirok etishdan bosh tortishi haqida ma'lum qildi.

Uber kompaniyasining ijrochi direktori Dara Husravshohi Qoshiqchining g‘oyib bo‘lishi bilan bog‘liq voqealardan xavotirda ekanini aytib, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon rahbarligidagi Future Investment Initiative (FII) anjumanida ishtirok etishdan voz kechishga qaror qildi. 

New York Times, Huffington Post va Los Angeles Times ham FII konferensiyasi axborot hamkorligidan voz kechish qarorlari haqida ma'lum qilishdi.

Ta'kidlash joizki, "Al-Vatan" gazetasi xodimi, Washington Post uchun maqola yozuvchi saudiyalik islohotchilardan biri Jamol Qoshiqchi o‘tgan hafta g‘oyib bo‘lgan. Turkiya politsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, jurnalist mahalliy vaqt bilan soat 13:12 da Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirgan, ammo dipmissiyadan qaytib chiqmagan. Bundan tashqari, xuddi shu vaqtda Istanbuldagi dipmissiyada Saudiya Arabistonining yana 15 nafar fuqarosi ham bo‘lgan, keyin ikki samolyotda vatanlari tomon yo‘l olishgan. 

Mavzuga oid