Jahon | 10:24 / 13.10.2018
7754
3 daqiqa o‘qiladi

Darig‘a Nazarboyeva jurnalistlar omma tushunadigan tilda gapirishlari lozimligini uqtirdi

Foto: Turar Kazangapov

Qozog‘iston prezidenti qizi, senator Darig‘a Nazarboyeva biror yangi narsaga o‘rganishdan uyalmasligini aytgan. U bu haqda yosh jurnalistlarning Jas Qalam forumida so‘zlab berdi. 

“Men 55 yoshdaman, o‘z yoshimdan juda faxrlanaman, biroq har kuni biror narsani o‘rganaman. Men biror narsani bilmasligimni aytishdan uyalmayman. Vazirlar kelib, aqlli nutqlar so‘zlashadi. Men ularga aytaman: “Kechirasiz, men uncha yaxshi tushunmayotgan bo‘lishim mumkin. Siz nima demoqchiligingizni odam tushunadigan tilda gapiring”. Ana shundan keyin haqiqiy suhbat boshlanadi. Shu sababli vazirlik yoki akimatlar beradigan matbuot bayonotlar bilan cheklanib qolmang. Masalaning mohiyatini bilishga harakat qiling”, deb aytgan Nazarboyeva.

Senator o‘z nutqida davlat idoralarining matbuot xizmatlari faoliyatini tanqid qilgan. Uning fikricha, ulardan ba'zilariga, misol uchun davlat dasturlarini tushuntirishda professionallik yetishmaydi. 

“Har bir vazirlik, akimatda ishlashi kerak bo‘lgan matbuot xizmati bor, biroq, afsuski, ularga kasbiy malakalar yoki vaqt yetishmaydi. Bugungi kunda bu ish “uch baho”ga tortadi. Oddiy tinglovchi televizor yonida o‘tirganda, vazir devalvatsiya, inflyatsiya, targetlash haqida gapirganda nimani tushuna oladi? Bularning barchasi xorijiy, zamonaviy, chiroyli so‘zlar. Professional uchun bu til zarur, biroq shifokor, pensioner, o‘quvchi, talaba bo‘lgan keng omma uchun boshqa tushunarli til bo‘lishi lozim”, deb aytgan Darig‘a Nazarboyeva.  

Uning fikricha, jurnalistika davlat va jamiyat o‘rtasida moderator bo‘lishi, OAV vakillari esa amaldorlarning “tili”ni tushuntira olishni bilishlari lozim. 

“Jurnalist bo‘lish o‘z zamoni vijdoni bo‘lish, ko‘p narsani ko‘rish, eshitish, tushunish, tushuntira olish va zamonamizning murakkab hodisalarini o‘z tinglovchilariga sodda va tushunarli tilda yetkaza olish demakdir. Bu juda murakkab vazifa, hamma ham uni eplay olmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan Nazarboyeva.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid