Saudiya arabistonilik jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni o‘z mamlakatining Turkiya poytaxti Anqara shahridagi konsulxonasiga kirganidan keyin izsiz g‘oyib bo‘lgan. «Aqlli soat» jumboqqa yechim topishi mumkin.

Foto: shaxsiy arxiv
Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistoni siyosatini tanqid qilgan va The Washington Post uchun maqolalar yozgan
2017 yilning iyulida Jamol Qoshiqchi shahzoda Muhammad ibn Salmon so‘z erkinligini cheklash harakatlarini boshlashi fonida qamoqqa tushishdan qo‘rqib, Saudiya Arabistonini tark etgan.
«Biz siz bilan gaplashib turgan pallalarda saudiyalik ziyolilar va jurnalistlar qamoqqa olinmoqda. Bugungi kunda u yerda hech kim islohotlarni tanqid qilishga haqli emas», degandi jurnalist.
U keyingi vaqtlarda Virjiniyada hamda Istanbulda yashab keldi. U shuningdek, Londonda ham ko‘p vaqt o‘tkazgan. U AQSh rezidenti hisoblanadi.
Saudiyalik jurnalist o‘z faoliyati davomida SSSRning Afg‘onistonga qo‘shin kiritishi va Usama bin Lodinning tarixini yoritgan. U ma'lum davrda saudiyalik amaldorlarga maslahatchilik ham qilgan, ammo siyosiy qarashlari tufayli davlat lavozimini tark etib, «Al-Vatan» gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlab, davlat amaldorlari qoralangan ultrakonservativ materiallarini nashr etgan.
59 yoshli Qoshiqchi keyingi vaqtlarda Amerikaning The Washington Post gazetasidagi kolonkasi orqali tanilgandi. Nashrdagi oxirgi materiallaridan birida u «Saudiya Arabistonidagi qatag‘on chidab bo‘lmas darajaga yetgani» haqida yozgandi. U G‘arbning boshqa nashrlari uchun ham Saudiya Arabistoni siyosati haqida sharhlar berardi. 4 oktabr kuni, uning yo‘qolib qolishi haqidagi xabardan ikki kun o‘tib The Washington Post publitsistini qo‘llab-quvvatlagan holda, uning kolonkasi joyini bo‘sh holda nashr etdi. «Yo‘qolgan ovoz» maqolasi nashrning bosma va elektron versiyalaridagi «Fikrlar» bo‘limida juma kuni paydo bo‘ldi.

«Yuqorida Jamol Qoshiqchining so‘zlari aks ettirilgan bo‘lishi kerak edi. U ikki kundan beri, Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasiga kirib ketganidan buyon izsiz g‘oyib bo‘lgan»
Jurnalist o‘z mamlakati konsulxonasiga kirgan va qaytib uni hech kim ko‘rmagan








