O‘zbekiston | 15:33 / 17.10.2018
84385
2 daqiqa o‘qiladi

Karimov Fondi prezident oilasi qanday dam olgani haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston birinchi prezidentining kichik qizi Karimovlar oilaviy qanday dam olgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Facebook/Karimov Fondi

“Bahorgi ta'til kunlarida bolalar bilan ota-onamdan xabar olish uchun Toshkentga kelgan edik. Navro‘z bayrami arafasi edi. Otam nabiralarini ko‘rganda hamisha nihoyatda quvonar edilar. Farzandlarim ham bobosini katta xursandchilik va qiy-chuv bilan kutib olishar va ostonadanoq o‘z o‘yinlariga chorlar edilar”, - deydi Lola Karimova-Tillayeva.

Uning ta'kidlashicha, Islom Karimov ko‘p holatlarda “Bolali uy bozor, bolasiz uy mozor” maqolini takrorlar edi.

“Kechki ovqat paytida otam Samarqandni nabiralariga ko‘rsatish istaklari borligini aytdilar va biz ertasi kuniyoq Samarqandga yo‘l oldik. Bu juda ham fayzli safar bo‘ldi. Qadimgi obidalarni borib ko‘rdik, ajdodlarimiz ruhiga hurmat bajo aylab, ular dafn etilgan makonlarni ziyorat qildik. Otam kuchli xotira egasi edilar, va Samarqand tarixiga oid ko‘pgina qiziqarli voqealarni bizlarga so‘zlab berdilar. Katta qizim Mariyamga Registon maydoni to‘g‘risida batafsil gapirib berganlari, Tillakori madrasasining go‘zal bezaklarini hayratda tomosha qilganimiz hali ham ko‘z oldimda”, - deya aytib o‘tdi O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi.

“Samarqandga qilgan ushbu safarimizdan ikki yildan sal oshiq vaqt o‘tib, ayni shu maydon va madrasa yonida otam bilan vidolashib, ularni mangu maskanlariga kuzatdik”, - deya xulosa qildi u.

Mavzuga oid