
O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda Qatar bilan o‘rtoqlik bahsini o‘tkazdi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yin mezbonlarning ustunligi ostida o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi har ikkala bo‘limda bir qancha xavfli vaziyatlarni vujudga keltirdi va raqibni ikki marta jazolashga muvaffaq bo‘ldi.
72-daqiqada Akmal Shorahmedov o‘ng qanotdan jarima maydoniga uzatgan to‘pni himoyachilar e'tiboridan chetda qolgan Odil Ahmedov yaqin masofadan boshi bilan darvozaga yo‘lladi.


85-daqiqada Odil Ahmedovning ajoyib pasidan so‘ng, Marat Bikmayev darvozabon bilan yuzma-yuz chiqib, to‘pni uning ustidan oshirib, darvozaga yo‘lladi.


Qatar terma jamoasida hisobni qisqartirish uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo O‘zbekiston terma jamoasi himoyachilari xatoga yo‘l qo‘ymasdan, o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishdi.
Qayd etish kerakki, bu O‘zbekiston milliy terma jamoasi Ektor Kuper boshchiligidagi qatorasiga ikkinchi g‘alaba bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi 13 oktabr kuni Toshkentda Shimoliy Koreya termasini Marat Bikmayevning dubli evaziga 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Sentyabr oyi boshida Suriya va Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida bir durang va bir mag‘lubiyat qayd etilgan (Suriya bilan 1:1, Eron bilan 0:1).
















