Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 12 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3968-sonli qarori sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi desak, xato bo‘lmaydi.
Mamlakat aholisi o‘zining sog‘lig‘ini asrashda zamonaviy shifokorlar bilan bir qatorda tabiblarga ham murojaat qilib, ayrim holatlarda ijobiy natijalarga erishayotganligi sir emas. Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan ushbu hujjat aholining zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan foydalanishi bilan bir qatorda, xalq tabobatining ko‘p yillik ko‘nikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlaridan ham samarali foydalanishlariga keng imkoniyat yaratib beradi.
So‘nggi yillarda xalq tabobati yo‘nalishida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarda nazoratning yetarli darajada emasligi, shuningdek, xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot tizimida tutgan maqomi va roli xususida qator savollar yuzaga kelayotgan edi. Mazkur hujjat shunisi bilan ham ahamiyatliki, xalq tabobati faoliyatini tartibga solish, to‘plangan tajriba va salohiyatdan samarali foydalanish, ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobatining usullari va yutuqlaridan samarali va xavfsiz foydalanish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e'tirof etildi.
Endilikda xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun belgilangan tartibda amalga oshirilishi va bunda tibbiy ta'lim ma'lumotiga bo‘lgan talab bo‘lmasligi hamda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar o‘z faoliyatining natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda javobgarligi belgilandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, ushbu qarorda xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Jumladan:
- xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomini va ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarligini belgilash;
- xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, ko‘rsatadigan xizmat turlari haqidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
- ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda aholiga tibbiy xizmatdan foydalanishda ongli ravishda tanlash imkoniyatini yaratish uchun xalq tabobatining ko‘p yillik ko‘nikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash orqali uning salohiyatidan foydalanish;















