Jahon | 17:38 / 18.10.2018
17395
3 daqiqa o‘qiladi

«Siz o‘g‘risiz». Navalniy Zolotovning duelga chorlovini qabul qildi

Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy Rosgvardiya direktori Viktor Zolotovning duelga chorloviga javob qaytardi. Zolotov sentabr oyida, Navalniy qamoqda ekanida Korrupsiyaga qarshi kurashish fondining o‘ziga qarshi materiali uchun siyosatchini videomurojaat orqali duelga chaqirgandi.

14 oktabr kuni ozodlikka chiqqan muxolifatchi videomurojaat bilan javob qaytargan. U Zolotovning duelga chorlovini qabul qilib, duelni federal telekanalda jonli efirda debat tarzida o‘tkazishni taklif qilgan.

«Chaqirilgan tomon duel shaklini va qurolni tanlaydi. Men sizning chorlovingizni qabul qilaman va joyni hamda qurolni tanlayman. Siz bilan duelimiz Birinchi kanalda, yoki ikkinchi kanalda, yoki boshqa istalgan federal kanalda debat tarzida o‘tkaziladi. Agar telekanallar efir berishmasa, YouTube-kanalda ham millionlab kishi bizning bahsimizga guvoh bo‘lishi mumkin. Sizga o‘ylab ko‘rish uchun bir hafta muddat beraman. Vaqt ketdi», degan Navalniy.

O‘z javobida muxolifatchi Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi tomonidan aniqlangan Zolotovga va uning yaqin qarindoshlariga tegishli ko‘chmas mulklarni sanab o‘tgan. U Zolotovni noqonuniy ravishda boylik orttirishda ayblagan.

«Men hech qachon siz haqdagi fikrimni o‘zgartirmayman. Men sizni o‘g‘ri deb hisoblayman. Rosgvardiyadagi hamtovoqlaringiz bilan mamlakatni va xalqni talon-taroj qilmoqdasiz», degan Navalniy.

Avgust oyi oxirida Navalniyning korrupsiyaga qarshi kurashish fondi Rosgvardiya uchun oziq-ovqat mahsulotlari RF bosh vaziri Dmitriy Medvedevga aloqador bo‘lgan shaxsga tegishli kompaniya tomonidan yetkazib berilishi, tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan narxlar bozor narxidan bir necha barobar ko‘pligi bayon etilgan materialini e'lon qilgan, Zolotov korrupsiyada ayblangandi.

Navalniy yanvardagi aksiya uchun muddatni o‘tayotganda, 11 sentabr kuni Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov muxolifatchiga qaratilgan videomurojaatini e'lon qilgandi va uni duelga chorlagandi.

Zolotovning aytishicha, Navalniy narxlar haqida hech narsa bilmaydi va tekshiruvida haqoratlar hamda tuhmatlarga yo‘l qo‘ygan. U siyosatchi yana bir shunday ishga qo‘l ursa, uning «oyoqlarini uzib olishi» va «Rosgvardiya shaxsiy tarkibi guvohligida shou uyushtirish»ga va'da bergandi.

Mavzuga oid