Liza Brennan-Jobsning otasi Stiv Jobs bilan murakkab munosabatlari haqidagi Small Fry kitobidan parchalar MakeRight.ru'da taqdim etildi.

Stiv Jobs dunyoga kelganida uning ota-onasi yosh bo‘lgan. Otasi - suriyalik Abdulfattoh Jandaliy Viskonsin universitetida o‘qituvchi yordamchisi bo‘lib ishlagan, xuddi shu oliygohning magistratura bo‘limida esa Stivning onasi - Joan Shible tahsil olgan. Juftlik moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lmagan, Joanning ota-onasi bu nikohga mutlaqo qarshi bo‘lishgan, otasi hatto yigit bilan aloqani uzmasa, uni merosdan mahrum qilish bilan tahdid qilgan.

Joan bolani San-Frantsiskodagi xususiy shifokor huzurida dunyoga keltirib, uni Pol va Klara Jobslar qo‘liga topshirgan. 30 yil o‘tib, Stiv Jobs o‘zining biologik ota-onasini izlab topgan, biroq u Pol va Klarani haqiqiy ota-onasi deb bilgan. Zero ular oddiy odamlar (Pol - avtomexanik, Klara - hisobchi) bo‘lishiga qaramay, unga ko‘p narsani o‘rgatishgan. Shundan bo‘lsa-da, Stiv o‘z ota-onasi undan voz kechganini unuta olmagan va bu uning atrofdagi odamlar bilan munosabatlariga katta ta'sir ko‘rsatgan.

Ota va qiz tarixi

Rassom Kris Brennan Stiv Jobsning birinchi muhabbati bo‘lgan, ular 1972 yilda Kupertinodagi o‘rta maktabda tanishishgan. Kris bir guruh do‘stlari bilan multfilm ishlash bilan shug‘ullangan. Tez orada Stiv unga e'tibor qaratib, yordam bera boshladi. Ular tog‘li hududdan ijaraga uy olishgan. U paytlar Jobs Stiven Voznyak bilan blue box qurilmalarini sotgan, bu qurilmalar yordamida butun dunyo bo‘ylab bepul qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan. Kris Brennanning oilasidagi sharoit nosog‘lom bo‘lgan, otasi ko‘pincha safarda bo‘lar, onasi esa ruhiy jihatdan nosog‘lomligi sabab qizi bilan yomon munosabatda bo‘lar edi.

Yosh Jobs onasining eshigi tagiga qiziga mehrli bo‘lishni so‘rab xatlar qoldirgan, biroq bu yordam bermagan. Tez orada Jobs eng qimmat va nufuzli Rid kollejda o‘qish istagida Oregonga yo‘l olgan. Ma'lum bir muddat ular aloqada bo‘lishgan, keyin esa Kris boshqa yigit bilan uchrasha boshlagan. Stiv kollejni tark etgan. Krisning xiyonati unga og‘ir botgan va bu ularning keyingi munosabatlariga ta'sir ko‘rsatmay qolmagan.

Ma'lum bir vaqt o‘tgach, ular yana uchrasha boshlashgan. Ikkisi ham alohida Hindistonga borib, "ashram"larda yashashga ulgurgan, ayriliqdan so‘ng ikki yil o‘tgan bo‘lgan. Bu vaqtga kelib Jobs va Voznyak Kupertinoda yagona ofisga ega Apple kompaniyasiga asos solishgan. Kris qadoqlash bo‘limida ishga joylashgan. Ular umumiy kelajak rejalarini  qurishmagan.