Bugungi kunda poytaxt ko‘rkiga ko‘rk beradigan qurilishlar, zamonaviy «Siti»lar barchani birdek quvontirmoqda. Ammo ,bizningcha, bu ulkan bunyodkorlik ishlari kimningdir burnini qonatish, bir hududni obod qilib, ikkinchisini chiqindixonaga aylantirish hisobiga bo‘lmasligi kerak.

«Kun.uz» tahririyatiga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, shu yerda yashovchi aholining e'tirozlariga qaramay, katta yuk avtomashinalari poytaxtdagi buzilishlardan ortilgan qurilish chiqindilarini aholi yashashi uchun ajratilgan yerlarga to‘kib, qochib ketishyapti. Vaziyatni o‘rganish maqsadida Yunusobod tumanida joylashgan, chiqindixonaga aylanib ulgurgan Hasanboy hududiga bordik.

Video: Facebook

Video: You Tube

Aholining gaplariga qaraganda, ushbu masalada Yunusobod tumani hokimligiga bir necha bor murojaat qilingan. Ammo natija bo‘lmagan. Toshkent shahar hokimligiga yo‘llangan murojaatlar ham Yunusobod tumaniga qaytarib yuborilmoqda va tabiiyki, vaziyat o‘zgarishsiz qolib ketmoqda.

Bir necha oydan beri tashlanib ketilayotgan chiqindilar anchagina maydonni qoplab ulgurgan. Qurilish chiqindilari mahallaning ayrim xonadonlari devorlari, darvozalari ostiga to‘kib ketilayotgani ham bor gap. Hududda qurilish chiqindilari, asosan beton bo‘laklari, qumtosh aralash foydalanishga yaroqsiz tuproq uyulib yotibdi.

Ma'lum bo‘lishicha, uch yil oldin bosh vazirning qarori bilan avval harbiy qismga qarashli bo‘lgan mana shu hudud yer uchastkasiga aylantirildi. Fuqarolarga yashab turgan kvartiralarini davlatga topshirish evaziga mana shu yerdan 4 sotix yer beriladigan bo‘ldi. Bugungi kunga qadar ilojini qila olganlar uylarini bitkazishdi. Hali ilojini topolmaganlar yoki uyga ehtiyoji yo‘qlarning yer uchastkalari bo‘sh turibdi. Uy ko‘tarishga imkoniyat topa olmay turgan bu insonlarga endi yana bir muammo paydo bo‘ldi. Ular uy qurish uchun o‘ziga ajratilgan hududini tonnalab beton bo‘laklaridan iborat chiqindidan tozalashlari kerak bo‘ladi. Aholining gaplariga qaraganda, chiqindi to‘kib ketayotgan haydovchilarni bir necha bor ogohlantirishgan, keyinchalik ushlashgan ham. Profilaktika noziriga topshirishgan. Lekin ular bir tushuntirish xati va jarima bilan chiqib ketgan. Aynan tushuntirish xatida yuk mashinasi haydovchisi chiqindilarni «Tashkent City» dan olib kelib, to‘kib ketayotganligini yozib o‘tgan. Nahotki «Tashkent City» mutasaddilari shunaqa ko‘rsatma bergan bo‘lsa yoki haydovchi shunday deb yozib tezroq qutulishni o‘yladimi? Xo‘p, jarima to‘langandir, lekin hududni chiqindilardan tozalashni kim o‘z bo‘yniga oladi?