Jahon | 08:23 / 24.10.2018
15621
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin bilan uchrashuvini tasdiqladi va Erdo‘g‘anning Qoshiqchi ishi bo‘yicha fikriga qo‘shilmadi

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Trampning ma'lum qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv noyabr oyida, Birinchi jahon urushi yakunlanganining 100 yilligiga bag‘ishlangan Parijdagi tadbirlar doirasida bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda RIA «Novosti» xabar bermoqda.

«U hali tashkillashtirilgani yo‘q, lekin, katta ehtimol bilan, biz uchrashamiz», - dedi Tramp.

Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning ma'lum qilishicha, turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an saudiyalik muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha «juda qattiq» izoh berdi. Bu haqda Reuters xabar qilmoqda.

Tramp, shuningdek, Ar-Riyodning ushbu hodisaga nisbatan munosabatiga baho berib, podshohlik hukumati bayonotlarini «tarixdagi eng yomon niqob», deb atadi.

Amerika rahbarining ta'kidlashicha, Erdo‘g‘anning fikriga qo‘shilishdan avval Qoshiqchi o‘limi haqida to‘liqroq ma'lumot olishni istaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, MRBning saudiyalik jurnalist bilan sodir bo‘lgan voqeani surishtiruvdan o‘tkazish bo‘yicha hisoboti yaqin vaqt ichida taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OAV Saudiya bosh konsulxonasidagi quduqdan Qoshiqchining jasadi bo‘laklari topilganini xabar bergandi.

Mavzuga oid