24 oktabr oqshomida Yevropa Chempionlar ligasida yana 4 guruhda 3-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Salohning «Liverpul»dagi 50-goli, «PSJ»ning omadsizligi, «Atletiko»ning Simeone davridagi eng yirik mag‘lubiyati, gipsdagi Messi va Lorisning chetlatishi «Tribuna» tahlilida keltiriladi.

Simeone hali bunday mag‘lubiyatga uchramagandi

«A» guruhi
«Borussiya» D (Germaniya) – «Atletiko» (Ispaniya) 4:0 (1:0, 3:0)
Gollar: 1:0 – 38 Vittsel, 2:0 – 73 Gerreyru, 3:0 – 83 Sancho, 4:0 – 89 Gerreyru.
Borussiya D – Byurki, Pishchek, Diallo, Zagadu, Xakimi, Vittsel, Dileyni (Daud, 35), Pulishich (Sancho, 79), Gettse, Bruun Larsen (Gerreyru, 63), Roys.
Atletiko – Oblak, Xuanfran, Godin, Lyuka Ernandes, Filipe Luis, Parti (Rodri Ernandes, 46), Saul (Korrea, 70), Koke, Lemar, Diyego Kosta, Grizmann.
Ogohlantirishlar: Diallo (13), Parti (35), Lemar (45), Filipe Luis (82), Diyego Kosta (87), Zagadu (90), Korrea (90).

«Asalarilar» jamoasi asosiy hujumchi Pako Alkaserning yo‘qligini bildirishmadi. Lyusen Favr maydonga toza hujumchisiz tarkibni tushirishga majbur bo‘lgandi. «Yolg‘onchi to‘qqizlik» rolini Marko Roys bajardi, bu o‘yin uning faoliyatidagi 50-yevrokubok o‘yini bo‘ldi. Bunday tarkib bilan «Borussiya» hujumlari yanada rang-barang ko‘rinish oldi, futbolchilar doimiy ravishda joylarini o‘zgartirib turishdi. 

Birinchi bo‘limda Vitselning zarbasi himoyachilardan biriga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi va Oblak hech narsa qila olmadi.

Ikkinchi bo‘limda «Atletiko» o‘ziga keldi va hujum uyushtira boshladi. Ammo to‘p ikki marta darvoza ustunidan qaytdi.

Lekin ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan portugaliyalik himoyachi Rafael Gerreyru dubl qayd etdi, mavsum kashfiyotiga aylangan Sancho ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Gollardan 3tasiga bu mavsum uchun «Real»dan ijaraga olingan Ashraf Hakimiy hammualliflik qildi.