Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kimyo tarmog‘ini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi - Prezident qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorda mineral o‘g‘itlarni sotishning bozor mexanizmlarini joriy etish, kimyo sanoati korxonalarining qarzdorliklarini restrukturizatsiya qilish yuzasidan ko‘rilgan choralar ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirishga imkon bergani qayd etilgan.
Shu bilan birga, kimyo tarmog‘ini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish uchun investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport hajmini kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar saqlanib qolinayotganligi, xususan, investitsiyaviy jozibadorlikning pastligi va tarmoqni rivojlantirish uchun o‘z mablag‘larining yetarli emasligi xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish imkonini bermayapti, buning oqibatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotda mineral o‘g‘itlar ulushining yuqori ekanligi ta'kidlab o‘tilgan.
Kimyo tarmog‘ini yanada diversifikatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, yetakchi xorijiy institutlarni jalb qilgan holda zamonaviy ilmiy va loyiha bazasini yaratish, shuningdek, «O‘zkimyosanoat» AJ korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida respublika kimyo tarmog‘ini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:
• uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash asosida iqtisodiyot tarmoqlari va jahon bozorida talab katta bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli kimyo mahsulotlari nomenklaturasini kengaytirish;
• respublikaning mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talabini qondirish va eksport salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va faoliyat yuritayotganlarini modernizatsiya qilish;
• kimyo sanoati korxonalarining ustav kapitalida davlat ishtirokini qisqartirish, tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, tarmoq korxonalari va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish orqali bazaviy mahsulotlarni qayta ishlashni chuqurlashtirish;
• fanni va sohaviy ilmiy tadqiqotlarni faol rivojlantirish, shuningdek, birinchi navbatda, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan ilg‘or ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilish;
• loyiha-injiniring ishlari va diagnostika tadqiqotlari sifatini oshirish, kimyo va kimyo texnologiyalarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini tashkil etish.
Mavzuga oid
13:52 / 02.06.2026
«Navoiyazot» huzurida 1 mlrd dollarlik yangi kimyo loyihalari amalga oshiriladi
11:29 / 05.04.2025
Malayziya O‘zbekiston kimyo sanoatida uchta loyihaga investitsiya kiritishi mumkin
15:34 / 18.11.2024
Misr O‘zbekistonda qurilayotgan kimyo klasteri loyihasida ishtirok etmoqchi
20:06 / 09.10.2024