Ikki kun oldin  “Barselona” “Real” ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozondi va Xulen Lopetegini jarlikning qirg‘og‘iga olib kelib qo‘ydi. So‘nggi nuqtani esa kecha madridliklar rahbariyati murabbiyning iste'fosi haqidagi rasmiy xabar bilan qo‘ydilar.

Atigi to‘rt oy ichida ispaniyalik mutaxassis juda nufuzli ikki ishdan ayrildi. Avvaliga Ispaniya terma jamoasi va mana endi “Real”.

Iste'fo haqidagi rasmiy xabarning uchinchi xatboshisida klub murabbiyni to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblayotganini ko‘rish mumkin. “Jamoa tarkibida tarixda birinchi marta “Oltin to‘p” sovrini uchun nomzod bo‘lgan sakkiz nafar futbolchi to‘p surmoqda. Tarkib sifati va qayd etilayotgan natija o‘rtasida juda katta tafovut bor”, deb yoziladi bayonotda.

“Real” bosh murabbiyi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib, “Kastilya”ni (“Real”ning o‘rinbosarlar jamoasi) boshqarib turgan 42 yoshli argentinalik mutaxassis Santyago Solari tayinlandi. O‘z vaqtida Solari jamoa yarim himoyachisi bo‘lgan va asr boshlarida madridliklar bilan birgalikda ikkita Ispaniya chempionligi va superkubogini yutgan.

2013 yilda u “Real” tizimida ish boshladi va turli yoshdagi bolalar jamoalarini boshqarib keldi. Avvaliga 15-16 yoshlilar, keyin 17-19 va nihoyat, 2016 ning yozidan boshlab “Kastilya” bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Ikki to‘liq va joriy mavsumning 10 turidan so‘ng Santyago Solari karerasidagi pillapoyalarda navbatdagi qadamni qo‘ydi.

Hozirgi vaziyat uch yil oldin Rafayel Benites va Zinedin Zidan bilan ro‘y bergan holatning aynan o‘zginasi. Peres o‘shanda ilk mavsumini o‘tkazayotgan Benitesni iste'foga chiqarib, uning o‘rniga Zidanni tayinlagan. Fransiyalik murabbiy o‘sha paytda “Kastilya”ni boshqarayotgandi. Natija nima bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz – bu davr “Real”ning yangi tarixidagi eng sermahsul yillar bo‘ldi: jamoa qatorasiga uch bora Yevropa Chempionlar ligasini yutdi, bir marta Ispaniya chempionligi va yana bir nechta kuboklarning sohibiga aylandi. Xo‘sh, Solari ham sobiq jamoadoshining yo‘lidan bora oladimi?

Nazariy tomondan hamma narsa bo‘lishi mumkin, lekin amalda... Birinchidan, Solarining kelajagi hali aniq emas. U “Real”ni vaqtinchalik boshqaruvchi maqomida faqat ikki hafta qola oladi. Ispaniya La Ligasi qoidalari shunday. Klub mana shu o‘n besh kun ichida doimiy murabbiy borasida bir qarorga kelishi shart. Bu muddatda yo Solari bosh murabbiy sifatida klub bilan shartnoma imzolashi yoki yangi bosh murabbiy ismi e'lon qilinishi kerak.