Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudida O‘zR JKning o‘ta og‘ir moddalari bo‘yicha ayblanayotgan Zokir Rahimov ustidan olib borilayotgan sud ishi o‘z nihoyasiga yetib qoldi. 2018 yil 29 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi Z.Rahimovga hukm o‘qilishidan avvalgi so‘nggi so‘zini aytish imkoniyati berildi, deb xabar qilmoqda Kun.Uz’ning mahkama jarayonida qatnashayotgan muxbiri. U o‘ziga nisbatan ayrim moddalar bo‘yicha ayblovlarni sodir etganini inkor etar ekan, ba'zilari bo‘yicha o‘zbek xalqi va Prezidentidan kechirim so‘radi. 

Sudlanuvchi so‘ngso‘zini aytar ekan, sud raisiga murojaat qilib, qamoq jazosi bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi. Buning uchun quyidagi holatlarni inobatga olishni iltimos qildi. 

“Men o‘zimga e'lon qilingan O‘zR JKning Zokir Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari, 159-moddasi 4-qismi, 2422-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etmaganman. 223-moddasi 2-qismi, “b”, “v” bandlari, 2441-moddasi, 1-qismi bo‘yicha ayblovlarni tan olaman va shu qilmishlarimdan qattiq pushaymonman. Men xato qilganimni va adashganligimni tushunib yetib O‘IH tarkibini 2003 yildayoq tark etganman”, - deya so‘z boshladi sudlanuvchi Zokir Rahimov.

Uning aytishicha, oradan o‘tgan 15 yil mobaynida oilasi bilan faqat savdo-sotiq va tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan, shu yillar davomida birorta noqonuniy tashkilotga a'zo bo‘lmagan, ularning homiysi yoxud tarafdori bo‘lmagan. “Mening o‘y-fikrim oilam tirikchiligi bo‘lgan, chunki 9 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazish edi”, - degan Rahimov qanday qilib Afg‘onistonga borib qolgani, u yerdan Pokiston, Eron va Turkiyaga nima uchun ketganini ma'lum qildi. 


Mavzuga doir:

Navoiyda terrorchilikda ayblanayotgan Zokir Rahimov ustidan sud eshituvlari davom etmoqda

Prokuror Zokir Rahimovga yigirma yil so‘radi – advokat prokurorni ishiga vijdonan yondashmaganlikda aybladi