Bugun, 3 noyabr kuni Moskvada Xalqaro Boks Assotsiatsiyasining yillik Kongressi o‘z ishini yakunlaydi. Anjumanning ikkinchi kunida tashkilot rahbarligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Saylovda AIBA` prezidenti, 5 nafar vitse-prezidenti (konfederatsiyalar prezidentlari) va Ijroiya Qo‘mita a'zolari aniqlab olinadi va saylangan nomzodlar shu kundan e'tiboran o‘z vazifasini bajarishga kirishadi, ularning vakolat muddati 4 yilni tashkil etadi.
Kun.uz muxbirining Moskvadan xabar qilishicha, Kongressning ikkinchi ish kuni vaqtinchalik prezident vazifasini bajarayotgan G‘ofur Rahimov tomonidan ochib beriladi. Shundan so‘ng delegatlar Ijroqo‘m tomonidan taqdim etilgan AIBA Deklaratsiyasini ma'qullashlari kutilmoqda.
Anjumanning asosiy qismini AIBA Saylov komissiyasi raisi Josh Shmid olib boradi. U komissiya a'zolari va ovoz berish jarayoni haqida ma'lumot berib, nazoratchilarni tayinlaydi. Bevosita saylovdan oldin prezidentlikka nomzodlar nutq so‘zlash uchun minbarga chiqadi.
Qayd etish joiz, AIBA`ning 5 nafar vitse-prezidenti (tegishli qit'a konfederatsiyasi prezidenti) lavozimini kimlar egallashi deyarli oldindan ma'lum. Beshta qit'adan faqat Osiyo Boks Konfederatsiyasi prezidentligiga ikki nomzod ariza topshirgan, qolganlarida nomzodlar bir nafardan.

Jahon havaskor boksining bosh rahbari lavozimiga da'vogarlar ham ikki nafar – o‘zbekistonlik G‘afur Rahimov va qozog‘istonlik Serik Qo‘naqbayev.
Avvaliga Rahimov yagona nomzod bo‘lishi kutilgandi. Oktabr oyi boshida unga raqobatchi bo‘lishi kutilgan Osiyo Boks Konfederatsiyasi prezidenti Qo‘naqbayev hujjatlarni vaqtida yetkazib bera olmagani uchun kurashdan chiqqani ma'lum qilingandi. U o‘zini kamida 20ta davlat federatsiyasi qo‘llab-quvvatlashi haqidagi ma'lumotni jo‘natishda bir necha soatga kechikkan edi.
Keyinroq Qo‘naqbayev Sport Arbitraj Sudiga (CAS) apellyatsiya berdi, 29 oktabr kuni esa tashkilot uning apellyatsiyasini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kongressning birinchi ish kunidagi eng asosiy yangilik – tashkilot nizomiga kiritilayotgan o‘zgartirish bo‘lgan edi. Unga ko‘ra, endilikda tashkilot prezidenti zarur hollarda o‘z lavozimidan ma'lum vaqtga tanaffus olishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.




















