Choyning foydali jihatlariga hech kim shubha qilmaydi: ming yillar davomida ushbu qaynoq ichimlikni iste'mol qilib kelayotgan milliardlab osiyoliklar xato qilishmaydi. Choy chanqoqni bosadi va tetiklik hissini beradi. Xolesterin darajasini pasaytirib, yurak qon-tomir faoliyatini normallashtiradi, qarish jarayonini sekinlashtiradi va hatto kishini aqlliroq qiladi.
Biroq foydali jihatlarning ko‘pligi uning zararini inkor etmaydi.

Qaynoq choy qon ketishlarga sabab bo‘lishi mumkin
Britaniyalik otolaringolog va plastik jarroh Genri Sharp qaynoq choy tomoq-burun tomirlariga salbiy ta'sir qilishi mumkinligini aniqlagan. Piyoladan chiqayotgan bug‘ ularni kengayishga majbur qiladi va burundan qon ketishiga sabab bo‘ladi.
Har qanday holatda ham ichimlik uchun optimal harorat 50-60 daraja sanaladi. Buning uchun choy damlangach, 5-7 daqiqa xona haroratida qoldirish kerak.
Achchiq choy tish va suyaklarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi
The New England Journal of Medicine o‘ta achchiq choy ichgan kishilarga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishgan. 47 yoshli bir ayol 17 yil davomida 100-150 paketchadagi choydan damlangan ichimlikni ichgan. Natijada tish va suyaklar o‘ta mo‘rtlashib qolgan. Bunga achchiq choy tarkibidagi ftorning suyaklarda to‘planishi ham sabab bo‘ladi.
Parhezshunoslar kuniga 4-5 piyoladan ortiq choy ichmaslikni tavsiya qilishadi.

Choy tarkibida og‘ir metallar bo‘lishi mumkin
2013 yilda Kanadaning Journal of Toxicology jurnali sayyoraning turli mintaqalaridagi paketchali choylar namunalarining ko‘plab miqdori ustida o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini e'lon qildi.
Toksikologlar namunalarda qo‘rg‘oshin, alyuminiy, margimush, kadmiy kabi metallarni topishgan. Metallar choy barglariga tuproqning ifloslangani sabab tushishi taxmin qilingan: ko‘pincha choy plantatsiyalari ekologik bo‘lmagan elektrostansiyalar yaqinida joylashadi.
















