Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari Marg‘ilonda "hotamtoylik" borasida ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan usul "kashf" etilganini aniqladilar.
Gap Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Marg‘ilon shahar bo‘limi boshlig‘i A.Rahmonov, avval bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va keyinchalik bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan N.Mirzayev, pensiya va nafaqalar tayinlash guruhi rahbari F.Madaliyev, guruh mutaxassisi E.Yakubov, pensiya va nafaqalarni to‘lash ustidan monitoring guruhi bosh mutaxassisi O.Abdurahmonov, monitoring guruhi mutaxassislari B.Suyarov, M.Karimov, Yu.Vahobov, hisobchi yordamchisi S.Nuriddinov, bo‘lim ish yurituvchisi B.Usmonov, elektron hisoblash mashinalari muhandisi B.Mirzaahmedov, "Agrobank"ning Marg‘ilon filiali plastik kartalar bilan ta'minlash bo‘limi mutaxassisi M.Olimov, "Xalq banki"ning Marg‘ilon filiali plastik kartalar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi O.Rahmonov, "Milliybank"ning Marg‘ilon filiali plastik kartalar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi A.Hakimov, shahar 6-aloqa bo‘limi boshlig‘i Sh. Qodirov va 1-aloqa bo‘limi xabarchisi N.Xolmatovdan iborat jinoiy guruhning qilmishlari haqida bormoqda.
Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan "Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 171-bandi 1-xatboshisiga muvofiq, pensioner vafot etganda pensiya to‘lash to‘xtatiladi.
Mazkur uyushgan jinoiy guruh a'zolari esa, 2012 yil 1 maydan 2016 yil 1 sentabrgacha bo‘lgan turli muddatlarda "Pensiya PK" elektron dasturiga soxta ma'lumotlarni kiritib, shu asosida to‘lov hujjatlarini tuzgan.
So‘ngra muqaddam vafot etgan 220 nafar shaxsga bank plastik kartalari va aloqa bo‘limlari orqali 2 milliard 182 million 855 ming so‘m miqdorida pensiya to‘lovini amalga oshirgan.
Bundan tashqari, jinoiy guruh a'zolari yana "Pensiya PK" elektron dasturiga soxta ma'lumotlarni kiritib va to‘lov hujjatlarini tuzib, qayd etilgan manzilda yashamaydigan yoki familiyasi, ismi va tug‘ilgan yillari o‘zgartilgan 142 nafar fuqaroga 1 milliard 674 million 350 ming so‘m pensiya to‘lovini bank plastik kartalari va aloqa bo‘limlari orqali amalga oshirgan. To‘g‘rirog‘i, mazkur mablag‘ni ham o‘zlashtirishgan.
Ular yana hujjatlarni soxtalashtirgan holda, 2013 yilda Rossiya Federatsiyasiga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan uch nafar fuqaro nomiga jami 24 215 900 so‘m pensiya pullarini to‘lovga qaratib, bu mablag‘larni shaxsiy manfaatlari yo‘lida o‘zlashtirishgan.
Bu hali hammasi emas. Ular hujjatlarida xato va kamchiliklar borligi bois pensiyasi to‘xtatilgan 7 nafar fuqaroga ham pensiya to‘lashni davom ettirgan. Natijada 83 million 75 ming so‘m byudjyet mablag‘i ularning hamyonlariga kelib tushgan.
















