
«O‘n marta boy va muvaffaqiyatli bo‘lish uchun 10 marta ko‘proq ishlash shart emas. Bor-yo‘g‘i bir foiz qoidasini qo‘llang», – deya maslahat beradi mashhur bloger Jyeyms Klir.
Jyeyms Klir - amerikalik bloger, tadbirkor va sportchi. Xulq-atvor, odatlarni shakllantirish va mukammallikka intilish psixologiyasi haqida yozadi.
Kumulyativ afzallikning kuchi
Yonma-yon o‘suvchi ikki daraxtni tasavvur qiling. Ular har kuni bir-biri bilan quyosh nuri va namlik uchun raqobatlashadi. Agar bir daraxt boshqasiga qaraganda tezroq o‘ssa, ko‘proq quyosh va yomg‘ir suviga ega bo‘ladi. Kelasi kuni qo‘shimcha quvvat sabab yanada balandroq o‘sadi. Vaqt o‘tishi bilan ikkinchi daraxtni to‘sib qo‘yadi va quyosh nuri va tuproqdagi to‘yintiruvchi moddalarning ko‘pgina qismini olishga muvaffaq bo‘ladi.
Bunday daraxt ko‘proq urug‘ beradi. Demak kelasi avlodda bu turdagi daraxtlar ko‘proq bo‘ladi. Bu jarayon raqobatchilaridan biroz oldinlab ketgan daraxtlar o‘rmonni egallagunicha takrorlanadi.
Vaqt o‘tishi bilan ortib boradigan biroz afzallik olimlar tomonidan kumulyativ afzallik, deb ataladi.
G‘olib bariga ega bo‘ladi
Aynan shu jarayon odamlar bilan ham sodir bo‘ladi. O‘rmondagi daraxtlar kabi biz ham ko‘pincha bir xil resurslar uchun raqobatlashamiz. Siyosatchilar saylovchilar ovozi, yozuvchilar – bestseller ro‘yxatidagi o‘rin, sportchilar – oltin medallar, kompaniyalar – istiqboldagi mijozlar, telekanallar – e'tibor va vaqtimiz uchun raqobat qiladi.
Yuz foizlik yutuqqa ega bo‘lish uchun bor-yo‘g‘i bir foizlik, bir soniyalik, bir so‘mlik afzallikka ega bo‘lish lozim.
Cheklangan resurslar, masalan, vaqt va pul bilan bog‘liq har qanday qarorlar, tabiiy ravishda g‘olib bariga ega bo‘ladigan vaziyatga olib keladi.
G‘olib katta qismga ega bo‘ladi
Individual musobaqalarga xos «G‘olib bariga ega bo‘ladi» effekti hayotning qolgan sohalarida ko‘pincha «G‘olib katta qismga ega bo‘ladi» effekti paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.















