Jahon | 08:24 / 18.11.2018
46491
2 daqiqa o‘qiladi

Atlantika okeanida bir yil avval yo‘qolib qolgan “San-Xuan” suv osti kemasi topildi

Foto: Argentina Navy via AP File

Atlantika okeanida bir yil avval yo‘qolib qolgan, Argentinaga qarashli “San-Xuan” suv osti kemasi topildi. Kemani AQShning Ocean Infinity kompaniyasi aniqlagan. Avvalroq kompaniya kema yo‘qolgan hududda 800 metr chuqurlikda uzunligi 60 metr keladigan yirik obektni aniqlagani ma'lum qilingandi. Seabed Constructor kemasi ushbu obektni boshqariluvchi suv osti qurilmasi yordamida tadqiq qilgan.

Kema 2017 yil 15 noyabrda Mar-del-Platadagi Ushuayya harbiy-dengiz bazasiga yo‘nalayotganda yo‘qolib qolgan. Kema bortida 44 kishi bo‘lgan. 

Ma'lum qilinishicha, kema sohildan 500 km uzoqlikda topilgan. Uning bo‘laklari kema atrofida 80-10 metrgacha sochilib yotgan. Kapitan Enrike Balbining aytishicha, bu katta ehtimollik bilan, kema oxirgi aloqaga chiqqandan 2 soat o‘tib, u suv tubiga yaqin bo‘lganda unda ichiga yo‘nalgan portlash sodir bo‘lganini anglatadi.

Foto: AP 

Argentina prezidenti Maurisio Makri kema ekipajining halokati munosabati bilan 3 kunlik motam e'lon qildi.  

“Ularning barchasiga hurmat bajo keltirish sifatida 3 kunlik motam e'lon qilamiz”, deb aytilgan prezident bayonotida.

Makri, shuningdek, suv osti kemasini izlashda ishtirok etgan barcha davlatlarning ishini yuqori baholab, ularga minnatdorlik bildirgan. 

Foto: AP Photo/Federico Cosso

Kema Germaniyada qurilgan, Argentina harbiy-dengiz kuchlari safiga esa 1985 yilda kiritilgan. Kemaning uzunligi 66 metrni tashkil qilgan. Bunday turdagi suv osti kemalari suv sirtiga chiqmay 2 kungacha suv ostida qolishi mumkin.

Mavzuga oid