Sport | 14:28 / 19.11.2018
11413
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek futbolida VAR tizimi joriy etilishi mumkin

O‘zbekiston futbolida hakamlarga videoko‘mak tizimi – VAR texnologiyasi tatbiq etilishi mumkin. Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida ushbu masala yuzasidan «Hawk-Eye Innovations Ltd» kompaniyasi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov “Hawk-Eye Innovations Ltd” kompaniyasining Osiyo mintaqasi bo‘yicha boshqaruvchi direktori Ben Krossing bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«O‘zbek futboliga VAR tizimini olib kirish bugungi kunda oldimizda turgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada bizga yordam beradigan sizdek mutaxassisni ko‘rib turganimizdan xursandmiz», – dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z navbatida Ben Krossing kompaniya ko‘plab mamlakatlarda ish olib borishini ta'kidlab, yangi hamkorlikdan mamnun bo‘lishini ma'lum qildi.

«VAR tizimini o‘rnatish uchun 4-8 oy vaqt ketadi. Uning narxi kelishuv shartlariga bog‘liq. Masalan, buning uchun mahalliy kompaniyalarni jalb qilsangiz, bu siz uchun arzonroq tushadi. Agar besh yillik kelishuv amalga oshirilsa, yanada yaxshiroq sharoitlar yaratiladi. Jo‘nab ketish oldidan yurtingizdagi stadionlardan birini ko‘zdan kechiraman», – dedi mutaxassis.

Uchrashuvda VAR tizimiga oid bir qator yangiliklar ham muhokama qilingan. O‘zbekiston tomoni tizimni tatbiq etish shartlari va boshqa jihatlar bilan qiziqdi.

Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov mehmonga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi nomidan esdalik sovg‘asini taqdim etdi.

Ma'lumot uchun, VAR (Video Assistant Referee) texnologiyasi ilk marta 2016 yilda Shimoliy Amerika chempionati MLS`da sinov tariqasida qo‘llangan bo‘lib, o‘sha yili Fransiya – Italiya o‘rtoqlik uchrashuvida, shuningdek, yil oxirida Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida test qilib ko‘rilgan. 2017 yilda tizimdan Konfederatsiyalar kubogida ham foydalanildi; dastlab Avstraliya, so‘ng Germaniya, Italiya, Portugaliya, Ispaniya va Turkiya chempionatlariga tatbiq etildi. Shu tariqa, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan VAR 2018 yil 3 martida futbol qoidalariga kiritildi va Rossiyada o‘tgan Jahon chempionatiga to‘la joriy etildi.

Tizim to‘rtta vaziyatda – gol, penalti va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochkaga tortadigan holatni tekshirish, shuningdek, sariq yoki qizil kartochka anglashilmovchilik bois boshqa futbolchiga ko‘rsatilganida – hakamlarga to‘g‘ri qaror chiqarishda yordam beradi.

Ushbu zamonaviy texnologiya keyingi mavsumdan boshlab Angliya va Rossiya chempionatlarida, shuningdek, 2019 yil boshida BAAda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogida ham tatbiq etiladi.

Mavzuga oid