O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Murojaat matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e'lon qilindi.

“Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusida o‘tkazilayotgan mazkur anjumanning dolzarbligi ana shu asosiy hujjatning o‘rni va ahamiyatini mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtirish zarurati bilan belgilanadi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet xonim ta'kidlaganidek, “biz yuksak adolat va tenglik sari harakat qilgan taqdirdagina yanada barqaror tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotga erishmog‘imiz mumkin”. Men bu muhim prinsipni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, deydi prezident.

Tarix shundan dalolat beradiki, dunyodagi barcha sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar inson huquqlari to‘g‘risidagi tayanch tushunchalarning shakllanishiga asos bo‘lgan insonparvarlik g‘oyalari ta'sirida vujudga kelgan.

Masalan, bundan 2700 yil muqaddam Osiyo hududida yaratilgan eng ko‘hna yozma yodgorlik - “Avesto” kitobida inson huquq va erkinliklari, millatlararo munosabatlarni o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari negizida barpo etish g‘oyalari muhim o‘rin tutadi, zo‘ravonlik va adolatsizlik rad etiladi.

Shuningdek, Sharqning buyuk huquqshunoslaridan biri Burhoniddin Marg‘inoniy XII asrdayoq o‘zining “Hidoya” asarida har bir insonning haq-huquqini saqlash zarurligi to‘g‘risida muhim g‘oyani ilgari surgan edi.

Ana shu muqaddas qadriyatlar bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan va mazkur forum kun tartibiga hamohangdir.

Ta'kidlash joizki, 70 yil avval qabul qilingan Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasi butun dunyoda demokratiya va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish borasida yangi imkoniyatlar ochdi.

Afsuski, bugungi kunda biz barchamiz ana shu ijobiy jarayonga to‘sqinlik qilayotgan murakkab va ziddiyatli tendensiyalar kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz, degan Shavkat Mirziyoyev.

Bu o‘rinda jahonda, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyodan tortib Yaqin Sharqqacha bo‘lgan makonda qurolli to‘qnashuvlar kuchayib, o‘zaro ishonchsizlik va nizolar, millatlar va konfessiyalararo ixtiloflar chuqurlashib borayotgani, barqaror taraqqiyotga qarshi boshqa global tahdid va xatarlar haqida so‘z bormoqda.