«O‘n oltinchidan gaz narxi osharkan», degandi «Damas» «shopir»laridan biri. Bilsak, tayyor turinglar, yaqinda yo‘lkira ham ko‘tariladi, degan ogohlantirish ekan bu. Xuddi shunday ham bo‘ldi. Hech qayerda - na televizorda, na radio va gazetada bu haqda e'lon qilindi. Ammo taksichilar, go‘yo hammasi bir ovozdan kelishib olganday, yo‘lkirani oshirdi-qo‘ydi. Tabiiyki, ushbu holat bugun ko‘pchilikda haqli e'tiroz uyg‘otmoqda. Chunki kira qiluvchi haydovchidan sababini so‘rasangiz, o‘sha-o‘sha eski bahonasini takrorlaydi: yoqilg‘i qimmatlashdi.

Qonuniy asos bormi?

Avval ham ko‘p bora ta'kidlaganmiz, yo‘lkirani haydovchi ham, tashuv xizmati ko‘rsatuvchi uyushma ham, sohaga mas'ul Avtomobil transporti agentligi viloyat hududiy boshqarmasi ham belgilamaydi. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, avtomobilda yo‘lovchi tashish tariflari mahalliy davlat hokimiyati tomonidan tasdiqlanadi. Yangi tariflarni ishlab chiqishda barchasi hisobga olinadi, albatta. Dastavval xarajatlar qo‘shilib, kalkulyatsiya qilinadi. Qanday yo‘l tutilmasin, six ham, kabob ham kuymasligi - tashuvchi foyda ko‘rishi, yo‘lovchiga ham bu og‘ir botmasligi kerak. Xullas, shu tariqa maqbul narxlar tasdiqlanadi.

Mana bir misol. Shu yilning 21 mayida «Qarshi shahrida yo‘lovchi tashish transportida yo‘lovchilar tashish tariflarini belgilash to‘g‘risida» viloyat hokimining qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, voha markazida yo‘lkiraning cheklangan miqdori yo‘nalishli taksi uchun 1500 so‘m, avtobuslar uchun 1000 so‘m qilib o‘zgartirildi. OAV orqali aholi bu yangilikdan xabardor qilindi. Har jihatdan qonuniy ish ko‘rildi. Shunday ekan, hech bir e'tirozga o‘rin yo‘q.

Yangi narxlarga barcha ko‘nikib ulgurgan bir paytda Qarshi shahridagi aksariyat yo‘nalish «marshrutka»chilari o‘zboshimchalik bilan yo‘l haqini 2000 so‘mga ko‘tarib olgani oshib tushdi. Gapimiz quruq bo‘lmasin. Ijtimoiy tarmoqda o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashganlarning bildirishicha, viloyat markazidagi 3-, 6-, 12-, 16-, 33 va 37-yo‘nalishlar «Damas» haydovchilari shu narxda yo‘lovchi tashimoqda. Bundan tashqari, shahar atrofida qatnovni amalga oshirishi mo‘ljallangan Beshkent-Qarshi, Shahrisabz-Yakkabog‘, Cho‘liota-Qarshi, Shahrisabz-Miraki yo‘nalishlarida ham yo‘lkira o‘zboshimchalik bilan oshirilgan. Buni Shahrisabz shahri ichida qatnovchi «damaschilar» misolida ham ko‘rish mumkin. 1000 so‘mlik masofa 1500 so‘mlik masofaga aylangan. Bu esa, o‘z-o‘zidan aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, kirakashlarning bu xatti-harakati huquqiy asosga egami?»