Otabek Nazirov: «O‘quvchilar darsliklardagi ma'lumotni yodlashi kerak emas, ularda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish kerak»
Maktablarda o‘quvchilar darsliklarda berilayotgan ma'lumotlarni yodlashlari kerak emas, ularda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish kerak. Bu haqda O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov Global tadbirkorlik haftaligi (Global Entrepreneurship Week Uzbekistan) doirasida ta'kidladi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati.
“Biz bolalarni birinchi sinfdan “Nima uchun?” degan savolni berishga o‘qitmaymiz, biz tanqidiy fikrlashga o‘rgatmaymiz. Hozirda biz xorijlik hamkorlarning bu yo‘nalishdagi tajribalarini o‘rganish va bu tajribani bizning o‘qituvchilar uchun moslashtirish bo‘yicha ish olib boryapmiz. O‘qitish metodologiyasi bolalarni mustaqil ma'lumot va bilim olishga o‘rgatishi kerak. Agar biz bolalarni tanqidiy fikrlashga o‘rgatsak, internet davrida ular savollarga o‘zlari javob olishlari mumkin”, – deydi Otabek Nazirov.
Xalq ta'limi tizimi nafaqat fundamental va gumanitar fanlardan bilim berishi va oliy o‘quv yurtlariga tayyorlashi, shuningdek birinchi o‘rinda yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlashi hamda mehnat va tadbirkorlik faoliyati uchun kerakli ko‘nikmalarni ham berishi kerak.
Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosarining ma'lumotiga ko‘ra, xalq ta'limi tizimida 10 mingga yaqin maktablar faoliyat yuritmoqda, ularda yarim mln.ga yaqin o‘qituvchi 6 mln.ga yaqin bolalarga ta'lim bermoqdalar. Hozir kunda, afsuski, 10% maktab bitiruvchilarigina oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirmoqdalar.
Vazir o‘rinbosari o‘zbek yoshlarini xalqaro miqyosdagi imkoniyatlari haqida fikr yuritib bildirishicha, dengizga chiqishga va arzon logistikaga ega bo‘lmagan O‘zbekistonga boshqa mamlakatlar bilan, ayniqsa tayyor mahsulotlar eksport bozorida raqobat qilishi qiyin bo‘ladi. Ammo raqobat qilish mumkin bo‘lgan sektorlar bor.
Uning fikriga ko‘ra, shunday sektorlardan biri axborot texnologiyalari bozoridir. Dizayn yoki dasturlash bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassislar xorijlik kompaniyalarga ishlashlari va munosib pul topishlari mumkin. Shu bilan birga, yuqori qiymatli ichki xizmat bozori ham katta imkoniyatlarga ega, ular sirasiga sog‘liqni saqlash, ta'lim, turizm, moliya, yuridik xizmatlar va boshqalarni qo‘shish mumkin.
“Biz o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqmoqdamiz. Misol uchun, axborot texnologiyalari bo‘yicha dasturlar qayta ko‘rilyapti, biz o‘quvchilarga dasturlashni o‘rganish va maktabni bitirganlaridan so‘ng pul topish uchun imkoniyat yaratishimiz kerak”, – deydi Otabek Nazirov. “Shuningdek, biz o‘rta maktabning yuqori sinf o‘quvchilariga o‘qishni istagan fanlarini tanlash imkoniyatini berishimiz kerak. Ta'lim tizimimiz sovet tizimiga asoslangan va biz bolalarga bir vaqtning o‘zida hamma narsani o‘rgatishga harakat qilmoqdamiz. Barchani kimyogar yoki tarixchi qilishning iloji yo‘q, shunga ko‘ra, biz o‘quv dasturlarini o‘zgartirishmiz kerak. Men AQShda o‘qidim, u yerda o‘quvchilar ta'limning oxirgi yillarida o‘zlari qiziqqan darslarni tanlashlari mumkin. Biz ham o‘quvchilarni qiziqtirgan fanlarini o‘rganishga va ularni o‘z salohiyatini ko‘rsatishiga imkon berishimiz kerak”.
“Biz maktablarni markazlashishdan to‘liq chiqarish va ortiqcha qoidalardan ozod etish g‘oyasini ilgari surmoqdamiz. Mavjud qoidalarni soddalashtirishimiz va maktab direktorlari hamda o‘qituvchilariga o‘quv dasturini shakllantirish, qanday dars berish va qaysi fanlarni o‘qitishni belgilash imkoniyatini berishimiz kerak, ammo bu oson emas, murakkab jarayon”, - dedi vazir o‘rinbosari.
Mavzuga oid
20:55 / 21.03.2024
AQShning Sharlotta shahrida o‘zbek palovi tayyorlana boshlandi
21:00 / 26.01.2023
Ta’limdagi ishlarimiz nega samarasiz bo‘lmoqda? - ekspertlar bilan intervyu
22:53 / 24.01.2023
Toshkent shahridagi yana 12 ta maktabda 25 yanvardan ta’lim jarayoni boshlanadi
18:44 / 15.01.2023