Light | 13:33 / 24.11.2018
33374
7 daqiqa o‘qiladi

Vizualizatsiya sirlari amalga oshishi uchun qanday orzu qilish kerak?

Foto: Layfxaker

Vizualizatsiya nima?

Vizualizatsiya – maqsadning tasavvurdagi obrazini yaratish. Nimaga erishishni istashingizni, buni qanday amalga oshirishni tasavvur qilasiz.

Ko‘pchilik vizualizatsiyani kelajak haqidagi yaxshi umidlar sifatida qabul qiladi. «Istaklar taxtasini yarat va unga qara». Bunday strategiyaga bir muhim jihat – haqiqat bilan bog‘liqlik yetishmaydi. Agar chiroyli uyda yashashni tasavvur qilib, unga erishish uchun qanday qilib pul ishlashni o‘ylamasangiz, orzu orzuligicha qoladi.

Samarali vizualizatsiya istak obekti va unga erishish harakatlarini o‘z ichiga oladi. Maqsadingizga erishish uchun har bir qadamni tasavvur etishingizga to‘g‘ri keladi: qaysi yo‘nalishda ishlaysiz, qanday to‘siqlarni yengishingiz lozim va buni qanday amalga oshirasiz. Bu oddiy orzular kabi u qadar yoqimli emas, biroq ko‘plab sohalarda haqiqiy natijalarga erishishda yordam beradi.

Vizualizatsiyani nima uchun qo‘llashadi?

Opra Uinfri, Jim Kerri, Uill Smit kabi ko‘plab muvaffaqiyatli kishilar vizualizatsiyani muvaffaqiyatlarining bir qismi deb hisoblashadi.

Sport ruhiyatshunoslari vizualizatsiya atletlar ko‘rsatkichlarini yaxshilash, qo‘rquvni yengish va jarohatlardan keyin tezroq tiklanishda yordam berishini qayd etishadi. U shifokorlarga xatolarning oldini olish, politsiyachilarga – zo‘riqishni kamroq his etish, musiqachilarga – tezroq va yaxshiroq chalishda yordam beradi.

Ruhiyatshunoslar vizualizatsiyani quyidagi yo‘nalishlar uchun qo‘llashni tavsiya etadilar:

yangi ko‘nikmalarga ega bo‘lish;

murakkab maqsadlarga erishish;

o‘zini nazorat qilish va ishonch hissini oshirish;

zo‘riqish vaqtida xotirjamlikka ega bo‘lish;

yangi reja va strategiyalarni ishlab chiqish.

Ratsional kishilar bu texnikaga ishonmasliklari mumkin. Chunki u ilmga asoslanmagandek ko‘rinadi. Aslida, vizualizatsiya yuqori ongga bog‘liq emas. U odam miyasiga ta'sir ko‘rsatadi, ilmiy ma'lumotlar ham buni tasdiqlamoqda.

Vizualizatsiya miyaga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Olimlar miya tasavvur va haqiqatda sodir bo‘layotgan narsalarning farqiga bormasligini aniqlashgan. Biror narsani yodga olganda yoki kelajakdagi harakatlarni tasavvur qilganda miyamizda haqiqiy vaziyatda bo‘lgandagi kimyoviy moddalar ajraladi.

Miyangiz o‘zini bir xilda tutadi. Uning uchun hodisani haqiqiy hayotda boshdan kechirayotganingiz yoki tasavvur qilayotganingizning ahamiyati yo‘q. Neyromediatorlar – miya tanaga aynan shu kimyoviy moddalar yordamida buyruq beradi, motor nazorati, diqqat va rejalashtirishni amalga oshiradi, kishini harakatga undaydi.

Nevrologiyada tan olingan nazariyaga ko‘ra, qo‘zg‘atilgan neyronlar bir-biri bilan bog‘lanadi. Kelajakni tasavvur eta turib, miyada yangi neyron aloqalarini yaratasiz. Ular sizga fikrlash va o‘zgacha harakat qilish imkonini beradi. Xususan, vizualizatsiya retikulyar aktivatsion tizim – miyadagi ma'lumotni filtrlash va siz uchun muhim narsalarga e'tibor qaratadigan sohani ishga tushiradi. Ana shuning uchun ham yangi ish yoki yangi mijozlar haqida o‘ylaganingizda imkoniyatlar kutilmaganda paydo bo‘ladi.

Vizualizatsiyadan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin?

Samarali vizualizatsiyaning bir necha asosiy jihatlari mavjud.

O‘lchamga ega aniq maqsad belgilang

Vizualizatsiya uchun rasm to‘plaganda uni maksimal darajada aniq bo‘lishiga harakat qiling. Masalan, agar kitob ustida tongda xotirjam ish olib borishni istasangiz, bu qachon sodir bo‘lishi va qancha vaqt davomida ishlashingizni tasavvur qiling.

Detallarigacha tasavvur qiling

Qanday ishlashingiz va qadam-baqadam maqsadlaringizga erishayotganingizni tasavvur qiling. Iloji boricha ko‘proq detallar qo‘shing: qayerdasiz, nima kiyib olgansiz.

Hislaringizni ishga soling

Xonaning hidi, yugurganingizdan keyin oyoqdagi jimirlashlar, nutqingizdan keyin yangragan olqishlar – bularning barini tasavvurda jonlantirishga harakat qiling.

Stsenariy kabi yozing

Maqsadlarini qog‘ozda qayd etgan kishilar katta ehtimol bilan ularga erishadilar. O‘z vizualizatsiyangiz ssenariysini qog‘ozga, elektron ko‘rinishda yoki audioshaklda yozing. Uni takror ravishda tinglash yoki qayta o‘qish yanada aniqroq obraz xosil qilishda yordam beradi.

Hodisa rivojining turli shakllarini ko‘rib chiqing

Kelajak haqida o‘ylaganingizda qo‘rquv, xavotir va shunday fikrlar paydo bo‘ladi: «Agar… bo‘lsa-chi…» Ularni tasavvuringiz yanada moslashuvchan bo‘lishi uchun qo‘llang.

Xayoliy tarzda barcha ichki – quvvat va o‘ziga bo‘lgan ishonchning yetishmasligi va tashqi to‘siqlardan o‘ting. Masalan, vaqt, pul, vaziyatlar. Ularning har birini qanday yengib o‘tayotganingizni tasavvur qiling.

Demak, omma oldida chiqish qilishdan qo‘rqsangiz, siz uchun qo‘rqinchli narsani ko‘z oldingizga keltiring: sahnaga ko‘tarila turib, yiqilib tushasiz. Bu vaziyatda nima qilishingiz haqida o‘ylab ko‘ring: zal kulgidan qotib qolishi uchun shimingizni qoqasiz va biror hazilni aytasiz.

Bu kabi rejalarni tuzishning yaxshi modeli mavjud — WOOP (Wish, Outcome, Obstacle, Plan). Akronim tuzilgan so‘zlar istak, natija, holat va reja kabi tarjima qilinadi. Bu modelni quyidagicha qo‘llash mumkin:

Kelasi to‘rt hafta uchun o‘z istaklaringizni yozing. Ular murakkab, biroq erishiladigan bo‘lishi kerak. Uni to‘rt-beshta so‘z bilan tasvirlang.

Natijani detallarda tasavvur eting. Uni iloji boricha batafsil tasvirlang.

Sizga xalaqit qilishi mumkin bo‘lgan holatlarni o‘ylab ko‘ring. Barcha taklif va qo‘rquvlaringizni yozib chiqing. O‘zingizga bog‘liq bo‘lganlarinigina qayd eting.

Reja tuzing. Har bir holat uchun hodisalar rivojining turli variantlarini o‘ylab toping. Masalan: «Agar sahnada yiqilib tushsam, o‘rnimdan turib, bu haqida hazillashaman. Yozayotgan vaqtimda telefon jiringlab qolsa, uni o‘chirib, keyinroq qo‘ng‘iroq qilaman».

Agar vizualizatsiya texnikasi ham shubhali ko‘rinayotgan bo‘lsa, dastlab kichikroq maqsadga erishish uchun qo‘llab ko‘ring: 50 marta tortilishni o‘rganish, qo‘shimcha ish topish, yangi do‘st orttirish. U ishlashiga ishonch hosil qilgach, uni hayotingizning qolgan sohalariga doimiy asosda integratsiya qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid