O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida seleksiya ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgani borasida gapirib o‘tdi. Bu haqda Tribuna.uz xabar bermoqda.
«Selektsionerlarimizda futbolchilarning juda katta hajmdagi kartotekasi bor. Biz ikkinchi tarkibni yig‘ganimizda ularni shunchaki o‘ynatib, ortga jo‘natib yubormaymiz. Ularni avvalo psixologik va jismoniy testlardan o‘tkazamiz. Undan keyin o‘yinlarda, mashg‘ulotlar jarayonida ularning saviyasini ko‘rishimiz mumkin.
Albatta, hammaga o‘zining bolasi Messi yoki Ronaldu bo‘lib ko‘rinaveradi. Ammo bu kuchli jamoaga qarshi o‘yinda ko‘rinadi.

Olimpiya terma jamoasida (shu yil boshida Xitoyda Osiyo chempioni bo‘lgan jamoa nazarda tutilmoqda – Tribuna) 165 nafar futbolchini ko‘rikdan o‘tkazgandik. Har bir guruhni besh kun davomida sinab ko‘rib, hammaga imkoniyat berdik.
Bundan tashqari, «Zo`r TV» ham yaxshi loyiha o‘tkazdi. Respublika bo‘yicha kimdir balki qolib ketayotgandir, kim o‘zini kuchini sinab ko‘rmoqchi, degan mazmunda e'lon berdi. Loyiha ko‘proq shouga yaqin tarzda o‘tgan bo‘lsa ham, unda «Chig‘atoy»ning professional murabbiylarini biriktirib, shu loyihada ham seleksiya ishlarini olib bordik. Mayli, bolalar futbolni yaxshi ko‘rishadi, kimdir klublarga kira olmayapti. Ayrim ota-onalar istak bildirdi, kimdir esa o‘zi men haqiqatan ham olimpiya terma jamoasiga a'zo bo‘lishim kerak, deb keldi. Ammo shunisi aniqki, olimpiya terma jamoasi professionallardan tuzilishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, ularga ham («Zo`r TV» loyihasi ishtirokchilari – Tribuna) imkoniyat berish kerak. Imkon berildi ham.
19-21 yosh oralig‘idagi bolalarni yig‘ib, test-ko‘riklardan o‘tkazishdi. Tanlab olinganlarda o‘smirlar terma jamoasi bilan o‘ynatdik. Ko‘pchiligi ko‘chada futbol o‘ynab yurgan bolalar edi, mana bu saviyada o‘zini qanday ko‘rsatishini kuzatdik. Har holda, imkoniyat edi bu ham. Mutaxassislarni yig‘ib, o‘sha yerda o‘yinni ko‘rdik. O‘smirlar termamiz 9-10ta gol urib yutdi.
Loyihadan keyin federatsiyalarga: «Bu bolaga e'tibor qaratinglar, klubga joylanglar, klubsiz ko‘chada yurmasdan muntazam ravishda shug‘ullansin», degan tavsiyalar bilan jo‘natildi. Bu ham ommaviy futbolni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ish edi. Ammo nima bo‘lganda ham, olimpiya terma jamoasida o‘ynaydigan futbolchilar o‘z klublarida muqim mashg‘ulotlarda qatnashadigan, juda bo‘lmaganda yoshlar ligasida doimiy o‘ynaydigan bo‘lishi kerak. Talablarga javob berishi kerak.
















