Kun.uz tahririyatiga tadbirkorlar muammosi bo‘yicha ma'lumot kelib tushdi. Unda aytilishicha, bir qancha yuridik va jismoniy shaxslar «Toshkent avto agent» MChJdan shartnoma asosida turli rusumdagi avtomobillar olishgan. Ularning aksariyati to‘lovlarni o‘z vaqtida o‘tkazgan. Shunday bo‘lsa ham, to‘lovlarni to‘liq to‘lagan shaxslarga mashinalar rasmiylashtirib berilmagan. Shartnoma shartlari shu kungacha bajarilmay qolmoqda.

Qolganlar belgilangan grafik bo‘yicha to‘lovlarni firma hisob-raqamiga to‘lab borgan. To‘laganliklari to‘g‘risida hujjatlari ham bor. Shunga qaramay, ularning mashinasi jamiyatning «Trastbank» XAB va «Kapitalbank» ATB oldidagi to‘lanmayotgan kredit tufayli olib qo‘yilish ehtimoli yuzaga kelmoqda. Hozirda 100dan ortiq mashinaga «arest» qo‘yilgan. Firma va banklar o‘rtasida sud jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mover'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

Lizing o‘zi nima?

Lizing — moliyaviy ijaraning alohida turi bo‘lib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirig‘iga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun o‘n ikki oydan ortiq muddatga beradi. Bu lizing to‘g‘risidagi qonunda berilgan tarif. Endi sodda qilib tushuntirsak.

Odatda lizing bilan shug‘ullanuvchi bir firmaga ikkinchi firma buyurtma beradi. Lizing bilan shug‘ullanuvchi firma bankdan kredit oladi. Avtosalonga o‘tkazadi. U yerdan mashina sotib oladi. Mashinalar firma balansida turadi. Lizing obektiga bo‘lgan mulk huquqi lizing oluvchi tomonidan sotib olingunga qadar lizing beruvchiga tegishli bo‘ladi. Buyurtma bergan firmaga foydalanishga beriladi yoki sekin-asta sotib olish sharti bilan ijaraga beriladi.

Izoh olish maqsadida, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat etdik. Mazkur ish yuzasidan kirish eshigi oldida 50 nafarga yaqin kishi yig‘ilgan ekan. Ular bilan suhbatlashdik. Fuqarolar muammo yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi. Shartnomalarini ko‘rsatishdi. Lekin shartnomalar notarial tasdiqlanmagan edi.