Yaqinda internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu videoda Buxoro shahridagi mevali daraxtlardan iborat bog‘ maxsus texnika yordamida ayovsizlarcha surib tashlanayotgani aks etgan.
Buxoro shahrida yashovchi fuqaro Xosiyat Jalolovaning Kun.uz tahririyatiga yo‘llagan, aynan ushbu videolavha bilan bog‘liq murojaati joyida o‘rganilib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘lgan holatga imkon qadar oydinlik kiritildi.
Youtube'da ko‘rish
Mover'da ko‘rish
Buxoro shahridagi «Furqat» mahallasi hududidagi avval yashnab turgan bog‘ o‘rnida hozirda qurilish uchun kavlangan yer va mevali daraxtlardan bir uyum o‘tin qolgan.


Ushbu holat yuzasidan Xosiyat Jalolova quyidagilarni so‘zlab berdi.
«Uyimiz yaqinida «Buxoroyog‘ekstrakt» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga tegishli klub bor edi. Ancha yillar avval klubning atrofi chiqindilarga to‘la, tashlandiq joy edi. Shu yerni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida shahar hokimiga murojaat qilgan edim. 2009 yilda ruxsat berishdi. Necha yillardan buyon mehnat qilib, bu yerni unumdor yerga aylantirdim. 500 tupdan ortiq mevali daraxt ekib, bog‘ yaratdim. Endi esa shahar hokimligi bu yerni mendan tortib oldi va bir kunda kelib, bog‘ni ayovsizlarcha buzib tashlashdi. Shuncha mehnatim va bog‘imga achinaman. Necha yillardan buyon qanchadan-qancha mablag‘ sarflagandim bu yerga. Bu yerga uy quriladi, deyishdi. Axir, o‘sha uy qurmoqchi bo‘lganlarning o‘zlari bog‘ qilishimga ruxsat berishgandi-ku?! O‘z vaqtida ogohlantirishganda men shuncha mehnatimga, sarf-xarajatga kuyib qolmasdim. Hattoki, bog‘ buzilishidan keyin daraxtlardan qolgan o‘tinni ham menga ravo ko‘rishmadi va sotib yuborishdi. Menga yetkazilgan zarar qoplanishini so‘rayman», – deydi Xosiyat Jalolova.



















