Toshkentda futzal bo‘yicha Osiyo chempionati U20 musobaqasining Markaziy mintaqa saralash bahslari o‘zbekistonliklar uchun sharmandali tarzda tugadi.

V guruhida ishtirok etgan O‘zbekiston futzalchilari Qirg‘iziston va Tojikistondan keyin, oxirgi o‘rinni egallab, Osiyo chempionati yo‘llanmasidan quruq qolishdi. Bu haqda mana bu xabarda o‘qib olish mumkin. 

Bu holat O‘FA siyosatidan zada bo‘lgan futzalchilarning atayin qilgan ishimi yoki murabbiylarning hisob-kitobdagi no‘noqligimidi?

O‘zbekiston U20 murabbiylar oddiy hisob-kitobni bilmagani tufayli Osiyo chempionatiga chiqolmadi

Ammo qiziq jihati shuki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yosh futzalchilarning sharmandali inqirozi haqida o‘z saytida bir og‘iz ham yozmadi. Go‘yo bu voqea bo‘lmagandek. 

O‘FA sayti xabarlar lentasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bunga guvoh bo‘lamiz. 

3 dekabr kuni O‘zbekiston futzalchilarining Tojikistonga qarshi maydonga tushishi haqidagi xabar joylashtirilgan. Bu o‘yinda o‘zbekistonliklar 2:7 hisobida mag‘lub bo‘lib, Osiyo chempionati yo‘llanmasidan quruq qolishdi. Ammo, bu haqdagi xabarni rasmiy saytda topmaysiz.

Lentani kuzatadigan bo‘lsak, unda O‘FA Kubogi g‘oliblarining taqdirlanishi, o‘sha marosimdan fotogalereya, Umid Ahmadjonovning xorijga ish safari, Ektor Kuper bilan matbuot anjumani haqidagi xabarlar bor.

4 dekabr kuni esa Osiyo chempionati U20 saralashida uchinchi yo‘llanma uchun o‘yin o‘tkazilishi yozilgan: unda Afg‘oniston va Tojikiston bellashadi. Xabarda O‘zbekiston futzalchilarining mag‘lubiyati haqida bir og‘iz gap yo‘q.

Balki, O‘FA bu mag‘lubiyatni e'tiborsiz qoldirish bilan, o‘zbekistonlik muxlislarning kayfiyatini tushirmaslikka, noxush xabarlarni tarqatmaslikka harakat qilgan bo‘lishi mumkin. Balki, so‘nggi 1 yil davomida futzalning hech kimga kerak bo‘lmay qolgani tufayli, bu natijaning ham hech qanday ahamiyati yo‘q deb hisoblayotgan bo‘lishi mumkin, bilmadik.

Ammo, so‘nggi 1 yil ichida O‘FA tomonidan futzalga nisbatan chiqarilgan qarorlar ikkinchi xulosamizda jon bor ekaniga ishontirmoqda.