Sport | 17:43 / 06.12.2018
32077
2 daqiqa o‘qiladi

Murodjon Ahmadaliyev jahon chempioni bilan jang qilmoqchi

Foto: MOQ matbuot xizmati

Olimpiada va jahon chempionati sovrindori, professional ringda ham muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan, professional boksning super yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida WBA Intersontinental kamari sohibi bo‘lgan Murodjon Ahmadaliyev jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqmoqchi. U 5 dekabr kuni Instagram’dagi sahifasida amaldagi chempion Daniel Romanni jangga chorladi.

«Beshta jangimdagi g‘alabalar evaziga WBA reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarildim. Bu esa hozirda WBA chempionlik kamari sohibi bo‘lgan Daniel Romanga qarshi ringga chiqish huquqini beradi. Jamoam bu jangni tashkillashtira olishiga ishonaman, lekin buning uchun chempionning o‘zi rozilik berishi kerak. U chempion va uning qarorini hurmat qilaman. Ammo oldimga butun dunyo reytingida birinchi o‘rinda bo‘lishni maqsad qilib qo‘yganman. Shunday ekan, Daniel (_babyfaceassassin_), kel birgalikda sportsevarlarga ajoyib bellashuv namoyish etib beramiz. Eng munosib bokschi g‘olib bo‘ladi», deya yozgan Ahmadaliyev.

Ma'lumot uchun, noyabr oyi yakunlariga ko‘ra, Murodjon Ahmadaliyev WBA reytingida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Professional boksda 5ta jang o‘tkazgan Ahmadaliyev 4ta jangda raqiblarini nokautga uchratgan.

U 25 noyabr kuni amerikalik Isak Zarateni 7-raundda texnik nokautga uchratib, kamarini himoya qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid